Markaziy bank P2P izohlari atrofidagi tushunmovchilikka oydinlik kiritdi

25 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda Markaziy bank P2P o‘tkazmalarda maqsadni ko‘rsatish talabi bekor qilingani haqida turli xabarlar keng tarqaldi. Bu esa jamoatchilik orasida ma’lum darajada tushunmovchilik va bahslarga sabab bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Markaziy bank matbuot xizmati Kun.uz nashriga izoh berib, “majburiy bo‘lmagan qoidani bekor qilish mumkin emas, chunki u avvaldan ixtiyoriy bo‘lgan”, deya ma’lum qildi. Regulyator, shuningdek, ushbu masala avvaldan noto‘g‘ri talqin qilinganini alohida ta’kidladi.
Eslatib o‘tish joiz, 17 fevral kuni banklar va to‘lov tashkilotlariga yuborilgan rasmiy xatda o‘tkazmalar maqsadini ko‘rsatish majburiy talab sifatida belgilangani va 1 martga qadar ijro etilmasa, muayyan choralar ko‘rilishi mumkinligi qayd etilgan edi. Bu esa ko‘pchilikda mazkur talab qat’iy joriy etiladi, degan fikrni shakllantirgan.
Biroq jamoatchilik muhokamasi va tanqidlardan so‘ng, 5 mart kuni Markaziy bank axborot xizmati bu jarayon texnik xususiyatga ega ekanini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, P2P o‘tkazmalar uchun kiritilgan 16 xil maqsad parametrlari namunaviy hisoblanadi va bank yoki to‘lov xizmatlari o‘z ilovalari imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda ularni ixtiyoriy tarzda qo‘llashi mumkin.
Shuningdek, ayrim to‘lov tashkilotlari va banklar ushbu bayonotdan keyin regulyatorga qo‘shimcha tushuntirish so‘rab murojaat qilgan. Markaziy bank esa aniq javob bergan: “Bu — ixtiyoriy. Xohlasangiz joriy etasiz, xohlasangiz yo‘q”.
Aynan shu izohlardan keyin ijtimoiy tarmoqlarda “talab bekor qilindi” degan fikrlar paydo bo‘ldi. Aslida esa gap bekor qilish haqida emas, balki boshidanoq majburiy bo‘lmagan tartib haqida ketgani ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislar fikricha, bunday holatlar axborotni noto‘g‘ri talqin qilish qanchalik tez tarqalishini ko‘rsatadi. Kelgusida esa moliyaviy sohadagi har qanday yangiliklar bo‘yicha rasmiy manbalarga tayanish muhim ahamiyat kasb etadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!