Endi telefon raqami orqali pul o‘tkazish mumkin

Endi telefon raqami orqali pul o‘tkazish mumkin

O‘zbekistonda jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazish jarayoni yanada soddalashtirildi. Endi mablag‘ yuborish uchun qabul qiluvchining bank hisob raqami yoki plastik karta rekvizitlarini kiritish shart emas — uning mobil telefon raqamini ko‘rsatish kifoya.

Yangi tartib Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan va 24 avgust kuni Adliya vazirligida 3930-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan Tezkor to‘lovlar tizimi orqali mobil telefon raqami asosida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish qoidalarida belgilangan.

Tizimdan foydalanish uchun avvalo foydalanuvchining telefon raqami uning bank hisob raqamiga bog‘lanadi. Shundan keyin pul yuborish vaqtida qabul qiluvchining karta yoki bank hisob raqami rekvizitlarini alohida kiritishga ehtiyoj qolmaydi.

O‘tkazmani tasdiqlashdan oldin foydalanuvchiga pul qabul qiluvchining familiyasi, ismi va otasining ismi, unga xizmat ko‘rsatuvchi bank hamda vositachilik haqi haqida ma’lumot beriladi.

Yana bir qulaylik — pul o‘tkazmalari 24/7 rejimida va real vaqtda amalga oshiriladi.

Qoidalarga ko‘ra, tizimda axborot va kiberxavfsizlik, shuningdek, firibgarlikning oldini olish bo‘yicha belgilangan talablarga rioya etiladi.

Foydalanuvchi istagan vaqtida telefon raqamini o‘z bank hisob raqamiga bog‘lashni bekor qilishi mumkin. Bir bank doirasida esa bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisob raqamiga biriktirishga ruxsat beriladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar