Qahramonjon Olimov bo‘yicha “qizil bildirishnoma” Interpol saytidan o‘chirildi

Qahramonjon Olimov bo‘yicha “qizil bildirishnoma” Interpol saytidan o‘chirildi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • ANORBANK aksiyadori Qahramonjon Olimovga nisbatan Interpol saytidan «qizil bildirishnoma» olib tashlandi.
  • Bank o‘zining 2026 yilning to‘qqiz oylik moliyaviy hisobotini e’lon qilib, barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha barqaror o‘sishni namoyish etdi.
  • Bankning jami aktivlari 20,32 trillion so‘mga, kredit portfeli 13,08 trillion so‘mga, mijozlar omonatlari esa 15,23 trillion so‘mga yetdi.

O‘zbekistonlik tadbirkor, raqamli bank sohasida faol bo‘lgan ANORBANK aksiyadori Qahramonjon Olimov xalqaro qidiruvda ekani haqidagi «qizil bildirishnoma» (Red Notice) Interpol rasmiy saytidan olib tashlandi. Mazkur ma’lumot Interpol qidiruv tizimida ortiq ko‘rinmayapti.

Shu bilan birga, bank o‘zining 2026 yilning to‘qqiz oylik (III chorak) yakunlariga bag‘ishlangan moliyaviy hisobotini e’lon qilib, barcha asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha barqaror o‘sish saqlanib qolayotganini namoyish etdi.

Bank faoliyati: Kundalik barqarorlik va Markaziy bank me’yorlari

Ilgariroq ANORBANK maxsus bayonot berib, aksiyador bilan bog‘liq har qanday vaziyatlar bankning kundalik faoliyati, likvidligi va moliyaviy barqarorligini belgilamasligini ochiqlagan edi:

  • Uzluksiz xizmat ko‘rsatish: Moliya muassasasi to‘liq odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda; depozitlar, kredit ajratish hamda milliy va xalqaro to‘lov operatsiyalari to‘xtovsiz amalga oshirilmoqda;

  • Prudensial normativlar: Bank Markaziy bank tomonidan o‘rnatilgan barcha kapital va likvidlik prudensial normativlariga to‘liq rioya qilmoqda;

  • 100 mlrd so‘mlik yangi aksiyalar: Joriy yilning 5 oktyabr kuni o‘tkazilgan aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida yangi strategik investitsiyalarni jalb etish maqsadida 100 milliard so‘mlik qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishi rasman tasdiqlangan.

Moliyaviy hisobot: Aktivlar 20,32 trln so‘mga yetdi

Bankning uchinchi chorak yakunlari bo‘yicha oshkor qilingan hisobotida barqaror moliyaviy dinamika qayd etildi:

  • Jami aktivlar: Uchinchi chorakning o‘zida bank aktivlari 18,74 trillion so‘mdan 20,32 trillion so‘mgacha oshdi;

  • Kredit portfeli: Sentyabr oyi yakuniga ko‘ra, ajratilgan kreditlar portfeli 13,08 trillion so‘mni tashkil etdi;

  • Mijozlar omonatlari: Aholi va korporativ mijozlar tomonidan bankka ishonib topshirilgan omonatlar qoldig‘i 15,23 trillion so‘mga yetdi;

  • O‘z kapitali: Bankning o‘z kapitali 1,51 trillion so‘m miqdorida shakllandi.

Biznes va chakana xizmatlar uchun yaxlit ekotizim

Bank matbuot xizmati moliyaviy mahsulotlarning yangilanishi va foydalanuvchilarga yaratilayotgan qulayliklar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi:

«Bankning omonatlar ro‘yxati turli auditoriyalar va jamg‘arma maqsadlariga mos ravishda to‘liq yangilandi. Biz kichik va o‘rta biznesga e’tiborni kuchaytirib, mobil ilovani keng qamrovli moliyaviy xizmatlar ekotizimiga aylantirmoqdamiz: valyuta ayirboshlash, xalqaro o‘tkazmalar, omonatlar va premium xizmatlar shular jumlasidandir. Asosiy maqsad — mijozlarga kundalik moliyaviy ehtiyojlarni bitta qulay ilovada hal qilish imkonini berishdir», — deyiladi rasmiy xabarda.

Mazkur hisobot va tashqi bosimlarning bartaraf etilishi ANORBANK tizimida mijozlar ishonchi va operatsion barqarorlik saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar