Oʻzbekistonda avtomobil xaridlari 14 foizga oʻsdi

2026 yilning yanvar–fevral oylarida Oʻzbekistonda jami 57 512 dona yangi avtomobil sotildi. Bu haqda “UzAvtosanoat” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan infografikada ma’lum qilingan.
Bozordagi asosiy ulush odatdagidek UzAuto Motorsga tegishli boʻlib, kompaniya 29 943 dona avtomobil sotgan va umumiy ulushning 52,1 foizini egallagan. Ikkinchi oʻrinda 15 666 dona avtomobili bilan Khorezm Auto (27,2 foiz), undan keyin ADM Jizzakh 7 202 dona (12,5 foiz) va BYD Uzbekistan Factory 4 621 dona (8 foiz) avtomobil bilan joylashgan. Asaka Motors esa 80 dona avtomobil bilan bozordagi 0,1 foizni tashkil etgan.
Brendlar kesimida esa Chevrolet yetakchilikni saqlab qolgan — jami 45 609 dona avtomobil sotilgan. Keyingi oʻrinlarda Kia (4 611 dona), BYD (4 621 dona), Chery (1 368 dona) va Haval (1 223 dona) qayd etilgan. Hyundai esa bozorda 80 dona avtomobil bilan eng kam ulushga ega boʻlgan.
Modellar boʻyicha eng koʻp sotilgan avtomobil Cobalt boʻlib, 15 305 dona xaridor topgan. Undan keyin Damas (11 254 dona), Tracker (7 655 dona), Onix (6 799 dona), shuningdek Labo (4 412 dona) va Sonet (3 912 dona) joylashgan.
Taqqoslash uchun, 2025 yilning yanvar–fevral oylarida Oʻzbekistonda 50 373 dona avtomobil sotilgan edi. Demak, bir yil ichida avtomobil bozori qariyb 7 ming donaga yoki taxminan 14 foizga oʻsgan. Shu bilan birga, bozorning asosiy ulushi va eng koʻp sotilgan brendlar UzAuto Motors va Chevrolet bilan bir xil holatni saqlab qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!