“Yashil” texnikumlar orqali ekologik kadrlar tayyorlanishi rivojlanadi

O‘zbekiston Prezidentining 2026 yil 25 martdagi PQ–110-sonli qarori asosida “Eko-madaniyat” umummilliy loyihasi doirasida mamlakatda ekologik taʼlim, ilm-fan va ijtimoiy targ‘ibotni faollashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar belgilandi. Maqsad – respublikaning barcha hududlarida tabiatni asrash va barqaror rivojlanish uchun malakali kadrlarni tayyorlash tizimini kengaytirish.
Qarorga muvofiq, 2026–2027 yillarda respublikadagi har bir mintaqada 14 ta “yashil” texnikum tashkil etilishi rejalashtirilgan. Ushbu taʼlim muassasalarida hududlarning ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, malakali va zamonaviy mutaxassislar tayyorlanadi. Bu esa yoshlarning kasbiy bilimlari va amaliyot ko‘nikmalarini oshirib, ularni zamonaviy talablarga moslashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2030 yilga qadar bu texnikumlarda jami 10 ming nafar o‘rta bo‘g‘in kadrlari tayyorlanishi orqali mamlakatda ekologik taʼlim tizimi yana-da rivojlantiriladi va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida professional kadrlar zaxirasi yaratiladi.
Qarorning yana bir muhim yo‘nalishi sifatida 2026–2028 yillarda ekologiya, tabiatni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi sohasida ilmiy daraja olgan mutaxassislar sonini 150 nafarga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu chora-tadbirlar yosh olimlar va mutaxassislarni ilmiy faoliyatga jalb etishni ham nazarda tutadi.
2026-2027 o‘quv yilidan boshlab ayrim taʼlim muassasalari “yashil” texnikumlar sifatida qayta tashkil etiladi. Ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va taʼlim sifatini oshirish maqsadida ushbu texnikumlar Kasbiy taʼlim agentligi bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetiga biriktiriladi. Bu esa oliy taʼlim muassasalari bilan uzviy bog‘liqlikni kuchaytirib, bilim va amaliyot integratsiyasini taʼminlaydi.
Shu tariqa, “yashil” texnikumlar loyihasi orqali O‘zbekistonda ekologik taʼlim tizimi faollashtiriladi, malakali kadrlar zaxirasi yaratiladi va kelgusida barqaror atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mustahkam zamin tayyorlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!