2000 dollardan yuqori maosh va yangi davlat mukofoti: Prezident pedagoglar bilan uchrashdi

2000 dollardan yuqori maosh va yangi davlat mukofoti: Prezident pedagoglar bilan uchrashdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • O‘zbekistonda o‘qituvchilar uchun 2000 dollardan yuqori maosh olish imkoniyati yaratilmoqda va Abdulla Avloniy nomidagi yangi davlat mukofoti ta’sis etilmoqda.
  • Xalqaro va milliy sertifikatga ega pedagoglar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga yetdi, natijada o‘qituvchi yetishmovchiligi uch barobarga qisqardi.

O‘zbekistonda 1 oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida mamlakat ta’lim sohasining kelajagini belgilab beruvchi tarixiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev soha fidoyilari bilan yuzma-yuz muloqotda bo‘lib, ustozlik maqomini oshirish, maktab va bog‘chalardagi sharoitlarni tubdan yaxshilash hamda oliy ta’limni bozor iqtisodiyotiga moslashtirish bo‘yicha bir qator yangi tashabbuslarni e’lon qildi.

Davlatimiz rahbari zamonaviy sun’iy intellekt bilim berish usullarini o‘zgartirayotgan bo‘lsa-da, hech bir texnologiya yoshlar qalbiga yo‘l topishda tirik murabbiy o‘rnini bosa olmasligini ta’kidladi:

«O‘qituvchi — mehr daryosi, o‘qituvchi — ezgulik bulog‘i, o‘qituvchi — ma’rifat quyoshi! Biz bolalarimizni paxta dalasidan — maktab partasiga, o‘qituvchilarni esa majburiy mehnatdan ta’lim jarayoniga qaytardik. Ustozni e’zozlash — bir kasb egasini emas, butun bir millat kelajagini e’zozlash deganidir».

Pedagoglar daromadi va Abdulla Avloniy nomidagi yangi mukofot

Uchrashuvda ta’lim fidoyilari, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlarga yuksak davlat mukofotlari topshirildi. Shu bilan birga, ilg‘or muallimlar uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofoti ta’sis etilishi va uning ilk sohiblari kelasi yil bayram arafasida taqdirlanishi ma’lum qilindi.

Moddiy rag‘bat va sifat ko‘rsatkichlarida quyidagi natijalar qayd etildi:

  • Yuqori maosh: Bugungi kunda respublika bo‘yicha 40 ming nafar o‘qituvchi 1 000 dollardan, yana 1,5 ming nafari esa 2 000 dollardan ziyod maosh olmoqda.

  • Kasbiy sertifikatsiya: Xalqaro va milliy sertifikatga ega pedagoglar safi 5 yilda 29 mingdan 143 mingga yetdi, tizimda o‘qituvchi yetishmovchiligi uch barobarga qisqardi.

  • Malaka oshirishda vaucher tizimi: Majburiy bir oylik an’anaviy kurslar o‘rniga kasbiy rivojlanish vaucherlari joriy etiladi. O‘qituvchilar o‘z ko‘rsatkichlariga ko‘ra 18 soatdan 72 soatgacha bo‘lgan o‘quvni mustaqil tanlaydi.

Maktab ta’limi: Ingliz tilidagi fanlar, 100% ustama va yangi darsliklar

Mustaqil va tanqidiy fikrlaydigan avlodni tarbiyalash maqsadida darsliklar islohoti izchil davom etmoqda. Birgina joriy yilning o‘zida 400 nafar mutaxassis jalb etilib, 324 ta darslik qayta ishlandi. Islohotlar samarasi sifatida 15 yoshli o‘quvchilar PISA reytingida tabiiy fanlar yo‘nalishida 32 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egalladi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab tizimda quyidagi muhim o‘zgarishlar amalga oshiriladi:

  • Aniq fanlarni bo‘lib o‘qitish: Sinfda o‘quvchilar soni 25 nafardan oshsa, matematika, fizika, kimyo va biologiya darslari ikki guruhga ajratilgan holda o‘tiladi.

  • To‘liq ingliz tilidagi ta’lim: Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabda matematika, informatika va tabiiy fanlar ayrim sinflarda to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Ushbu loyiha o‘qituvchilariga 100 foiz ustama to‘lanadi.

  • Olimpiada va rag‘bat: Milliy sertifikatli ustozlarga 50 foizlik ustama, olimpiada g‘oliblarini tayyorlaganlarga esa to‘g‘ridan to‘g‘ri oliy toifa beriladi. Ming nafar pedagog xorijga malaka oshirishga yuboriladi. 4-sinflar o‘rtasidagi fan olimpiadalari g‘oliblari kompyuter, ularning ustozlari esa pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

  • «Sifat indeksi»: Maktablar faoliyati maxsus reyting asosida toifalarga ajratiladi. O‘z tajribasi orqali boshqa muassasalarning darajasini ko‘tarishga ko‘maklashgan ilg‘or maktab jamoalariga 30 foiz ustama beriladi.

Xususiy va inklyuziv ta’limga misli ko‘rilmagan imtiyozlar

O‘quvchi o‘rinlariga bo‘lgan yuqori talabni qondirish maqsadida yuklama yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda xususiy maktablarni ochuvchilarga imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratiladi.

  • 10 yilga bepul bino: Bo‘sh turgan davlat mulki bo‘lgan binolar xususiy maktablarga 10 yilga tekin ijaraga taqdim etiladi, ularning xalqaro akkreditatsiya xarajatlarining 50 foizi qoplanadi.

  • Ota-onalarga yengillik: Farzandini xususiy maktabda o‘qitayotgan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi ikki barobarga oshiriladi.

  • Inklyuziv muhit: Ikki yilda inklyuziv maktablar soni qariyb besh barobar oshib, 3 591 taga yetdi. Toshkentdagi ko‘p funksional inklyuziv resurs maktabi tajribasi yil yakunigacha Xorazm, Jizzax va Samarqandga, keyinchalik barcha hududlarga tatbiq etiladi.

Bog‘cha va kasbiy ta’lim: Ishli onalar va tarbiyachilar uchun yangiliklar

Maktabgacha va kasbiy ta’lim tizimida quyidagi ijtimoiy va kasbiy imtiyozlar belgilandi:

  • Ishli onalarga ko‘mak: 2027 yil 1 yanvardan boshlab 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishlovchi ayollarning to‘lov badali to‘liq davlat budjetidan qoplanadi.

  • Tarbiyachilar uchun oliy ma’lumot: Pedagogika oliygohlarida bog‘cha xodimlari uchun sirtqi o‘qish muddati 4 yildan 3 yilga tushiriladi; 5 yillik stajga ega tarbiyachi yordamchilari ham bundan foydalana oladi.

  • Xalqaro sertifikatli ustalarga 50% ustama: Texnikumlardagi dual ta’lim qamrovi kengaytirilib, har yili 500 nafar usta xorijda stajirovka o‘taydi. Xususiy texnikumlar tashkil etishga soliq va yer imtiyozlari beriladi.

Oliy ta’limdagi tanqid va «TOP-300» universitetlar franshizasi

Prezident respublikada talabalar soni 1,6 millionga yetgani va yettita oliygoh xalqaro fan reytinglariga kirganini e’tirof etgan holda, universitetlardagi darsliklar sifati va kadrlar saviyasi zamon talabiga javob bermayotganini tanqid qildi.

Oliygohlar faoliyati tubdan isloh qilinadi:

  • Kuzatuv kengashlarining yangilanishi: Davlat universitetlari kengashlarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan tuziladi. Ular dasturlarni bozorga moslab, yiliga kamida 50 ta zamonaviy darslik yaratadi.

  • Dual ta’lim inqilobi: Kelasi yildan 75 ta, 2028 yildan esa barcha oliygohlarda «korxona – oliygoh – maqsadli kadr» tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Korxonada ishlayotgan talaba maoshining yarmini davlat qoplaydi, yaxshi natija ko‘rsatganlar 2-kursdan davlat grantiga o‘tkaziladi.

  • Dunyoning 300 ta eng kuchli oliygohi: «TOP-300» reytingidagi nufuzli xorijiy oliygohlar franshizasini olib kelgan xususiy universitetlarning laboratoriya, jihoz va kampus xarajatlari davlat tomonidan qisman qoplab beriladi. Ustuvorlik muhandislik, sun’iy intellekt, energetika va tibbiyotga qaratiladi.

Ushbu keng qamrovli qarorlar Yangi O‘zbekistonda ta’lim sohasini mamlakat taraqqiyotining eng asosiy va ustuvor drayveriga aylantirishga qaratilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar