Qidiruvdagi “MAN” Termiz ko‘chalarida boshqa raqam bilan yurgani aniqlandi

Qidiruvdagi “MAN” Termiz ko‘chalarida boshqa raqam bilan yurgani aniqlandi

Avtotransport vositasi kuzovidagi identifikatsiya belgilari bo‘yoq bilan yopilgani MIB xodimlarida shubha uyg‘otgan.

Soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash har bir fuqaro va tadbirkorning qonuniy majburiyati hisoblanadi. Biroq ayrim holatlarda qarzdorlar ushbu majburiyatlarni bajarishdan bo‘yin tovlashga urinishadi.

Majburiy ijro byurosining Termiz tuman bo‘limi ish yurituvida qurilish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektiga nisbatan sudlarning 24 ta ijro hujjati mavjud bo‘lib, umumiy qarzdorlik miqdori 800 million so‘mdan oshgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan “MAN” rusumli yuk avtomashinasi mavjudligi aniqlanib, transport vositasi qidiruvga berilgan edi. Ammo qarzdor tomonidan mazkur avtomashina boshqa davlat raqam belgisi bilan harakatlanib kelingani ma’lum bo‘ldi.

Olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari samarasida yuk avtomashinasi Termiz shahar hududida harakatlanib yurgan vaqtida aniqlandi. Transport vositasi kuzovidagi identifikatsiya belgilari bo‘yoq bilan yopilgani MIB xodimlarida shubha uyg‘otgan. Tekshiruv jarayonida avtomashina aynan qidiruvda bo‘lgan va qarzdor jamiyatga tegishli transport vositasi ekani tasdiqlandi.

Natijada avtomashina belgilangan tartibda xatlanib, vaqtincha saqlash uchun Byuroning Termiz tuman bo‘limiga olib kelindi.

Ayni paytda mazkur mol-mulkni elektron auksion savdolari orqali realizatsiya qilish hamda tushgan mablag‘lar hisobidan qarzdorlikni undirish choralari ko‘rilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Shuhrat Razzakov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar