Sahroi Kabirda suvsizlik 49 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi

Niger shimolidagi Sahroi Kabir cho‘lida yuk mashinasi nosozlikka uchrashi oqibatida kamida 49 kishi chanqoqdan hayotdan ko‘z yumgan. Faqat ikki nafar yo‘lovchi omon qolib, piyoda yurib Assamaka hududiga yetib borgan va rasmiylarga xabar bergan. Bu haqda BBC xabar qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar Malida o‘tkazilgan diniy marosimda ishtirok etib qaytib kelayotgan bo‘lgan. Ular yuk mashinasi orqali Niger va Jazoir chegarasiga yaqin hududdan o‘tayotgan paytda transport vositasi buzilib qolgan va yo‘lda to‘xtab qolgan.
Rasmiylar ma’lum qilishicha, yo‘lovchilar bir necha kun davomida 80 kilometrdan ortiq masofada joylashgan Assamaka chegara punktiga yetib bora olmagan. Ular ekstremal issiqlik va suv yetishmasligi sharoitida qolib ketgan. Haydovchi va yo‘lovchilar mashinani tuzatishga bir necha bor urinib ko‘rishgan, biroq bu harakatlar natija bermagan.
Keyinchalik qutqaruvchilar voqea joyiga yetib borib, to‘xtab qolgan yuk mashinasi atrofida va uning ostida ko‘plab jasadlarni aniqlagan. Halok bo‘lganlar mahalliy hokimiyat tomonidan yuborilgan qutqaruv guruhlari orqali ommaviy qabrlarga dafn etilgan.
Qutqaruv operatsiyasi vaqtida hududdan qaytib kelayotgan guruh yana bir buzilgan yuk mashinasiga duch kelgan. Unda 60 dan ortiq odam bo‘lib, ular akkumulator ishdan chiqqani sababli uch kun davomida sahroda qolib ketgan.
Niger hukumati vakillari ushbu fojia Sahroi Kabir orqali o‘tadigan migratsiya yo‘llaridagi xavf-xatarlarni yana bir bor namoyon etganini hamda yoshlarning og‘ir sharoitlarda tirikchilik izlab xavfli safarlarga chiqishga majbur bo‘layotganini ta’kidlagan.





























Izohlar 0
…