Chelsi Shvetsiyaning yosh yulduzi uchun rekord darajadagi taklif yubordi

Khadija Shaw ayollar futbolidagi eng yaxshi markaziy hujumchilardan biri hisoblanadi. Manchester Siti safida ketma-ket uch marta "Oltin butsa"ni qoʻlga kiritgan futbolchi Chelsi jamoasining asosiy nishoniga aylangan edi. Biroq, London klubi Shaw bilan kelisha olmagach, oʻz eʻtiborini Shvetsiyaning yosh iqtidori Felicia Schroderga qaratdi. Maʻlumotlarga koʻra, Chelsi BK Hacken hujumchisi uchun 1,2 million funt sterling miqdorida taklif yuborgan, bu esa ayollar futboli tarixidagi rekord transfer summasi boʻlishi mumkin. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Schroderga boʻlgan qiziqish faqatgina Chelsi bilan cheklanib qolmaydi. Barselona, Lion, Bavariya, Manchester Siti, Yuventus va Manchester Yunayted kabi grand jamoalar ham 19 yoshli futbolchini oʻz safiga qoʻshib olishni istamoqda. Hozirda u Shvetsiya chempionatining eng koʻp maosh oluvchi futbolchisi hisoblanadi va uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilgacha moʻljallangan. Shunga qaramay, yozgi transfer oynasida uning boshqa jamoaga oʻtish ehtimoli juda yuqori baholanmoqda.
Felicia Schroderning oʻyini mutaxassislarni hayratda qoldirmoqda. U joriy mavsumda 5 ta oʻyinda 4 ta gol urishga ulgurdi, shuningdek, UEFA ayollar oʻrtasidagi Yevropa kubogi finalida xet-trik qayd etib, Hacken jamoasiga chempionlikni taqdim etdi. 2025-yilgi mavsum uning faoliyatida burilish nuqtasi boʻldi: u 26 ta oʻyinda 30 ta gol va 9 ta golli uzatmani amalga oshirib, jamoasining Shvetsiya chempioni boʻlishiga ulkan hissa qoʻshdi.
Yosh boʻlishiga qaramay, Schroder allaqachon Shvetsiya terma jamoasining doimiy aʻzosiga aylangan. U turli yoshdagi terma jamoalarda 28 ta oʻyinda 19 ta gol urganidan soʻng, 2025-yil may oyida asosiy jamoaga chaqirildi. Hozirda u Tony Gustavsson boshqaruvidagi terma jamoaning muhim boʻlagi hisoblanadi. Uning maydondagi sovuqqonligi va gol sezish qobiliyati uni dunyoning eng istiqbolli yosh futbolchilari roʻyxatida yuqori oʻrinlarga olib chiqdi.





























Izohlar 0
…