SpaceX Falcon 9 raketasini nosozlikka qaramay muvaffaqiyatli qoʻndirdi

4-iyun kuni SpaceX kompaniyasining Falcon 9 raketasi Starlink Group 10-43 missiyasi doirasida 29 ta sunʼiy yoʻldoshni past yer orbitasiga muvaffaqiyatli olib chiqdi. Parvoz Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan SLC-40 start majmuasidan amalga oshirildi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Biroq, B1090 raqamli birinchi bosqichni qaytarish jarayonida SpaceX mutaxassislari kutilmagan qiyinchilikka duch kelishdi. A Shortfall of Gravitas suzuvchi platformasiga qoʻnishga taxminan 13 soniya qolganida, pastga tushishni boshqarish uchun moʻljallangan toʻrtta panjarali rullardan biri qotib qoldi.
Texnik nosozlikka qaramay, raketaning avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi ushbu muammoni bartaraf etishga muvaffaq boʻldi. Barqarorlikni saqlash uchun qolgan uchta rul va Merlin dvigatelining tortish vektori yoʻnalishidan foydalanildi. Natijada, raketa bosqichi dengiz platformasiga muvaffaqiyatli qoʻndi.
Kanaveral portiga qaytgandan soʻng, mutaxassislar gʻayritabiiy holatga eʼtibor qaratishdi: panjarali rullar yigʻilmagan, ochiq holatda qolgan edi. Odatda ular tashishdan oldin yigʻib qoʻyiladi, shuning uchun bu qaror nosozlik sabablarini qoʻshimcha tekshirish va oʻrganish bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Maʼlumot uchun, ushbu B1090 raqamli birinchi bosqich uchun mazkur parvoz hisob boʻyicha 12-si boʻldi. SpaceX muhandislari endilikda kelajakdagi missiyalarda bunday holatlar takrorlanmasligi uchun tizimni tahlil qilmoqdalar.





























Izohlar 0
…