Federico Chiesa Liverpulni tark etib, Seriya Aga qaytish istagini bildirdi

Italiya terma jamoasi hujumchisi Federico Chiesa Liverpul safidagi omadsiz mavsumdan soʻng yana Seriya Aga qaytish niyatida ekanini ochiqchasiga maʼlum qildi. Arne Slot qoʻl ostida yetarli oʻyin amaliyotiga ega boʻlmagan futbolchi Angliya Premer-ligasidagi faoliyatini yakunlab, oʻz vatanida karyerasini qayta tiklamoqchi. Oʻtgan mavsumda barcha musobaqalarda bor-yoʻgʻi 726 daqiqa maydonda harakat qilgan vinger jamoaning asosiy tarkibidan chetda qolib ketganidan norozi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
La Gazzetta dello Sport nashriga bergan intervyusida Chiesa Liverpuldagi holati haqida gapirib oʻtdi: "2026-yil boshidan beri juda kam oʻynadim. Yanvarda klub va Slot menga ketishga ruxsat berishmadi, chunki tarkibda muammolar bor edi. Men vaziyatni tushundim, lekin endi koʻproq maydonga tushishni xohlayman. Agar Premer-ligada barqarorlik topa olmasam, boshqa joydan qoʻnim izlashga majbur boʻlaman. AQSHdagi yigʻindan soʻng yangi murabbiy Iraola bilan kelajagimni muhokama qilamiz".
Federico Chiesa oʻzining sobiq jamoasi Yuventus haqida ham toʻxtalib, Turindan oʻz xohishi bilan ketmaganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, klub rahbariyati va murabbiy Thiago Motta unga ehtiyoj yoʻqligini aytishgan. "Men Yuventusga qaytishni juda istardim. Koʻp pul talab qilganim haqidagi gaplar yolgʻon, menga hatto shartnomani uzaytirishni taklif ham qilishmagan. Yuventus doim mening qalbimda va men u yerda pul masalasini hech qachon birinchi oʻringa qoʻymayman", — deya qoʻshimcha qildi futbolchi.
Shuningdek, Chiesa Italiya terma jamoasining muhim oʻyinlarini oʻtkazib yuborgani uchun bildirilgan tanqidlarga ham javob qaytardi. U jarohati sababli Covercianoni tark etishga majbur boʻlganini va milliy libosga boʻlgan sadoqati cheksiz ekanini aytdi. Futbolchi Italiyaning Jahon chempionatidan tashqarida qolgani unga qattiq azob berganini, terma jamoa bilan erishgan yutuqlarini esa baʼzilar unutib qoʻyayotganini taʼkidladi.





























Izohlar 0
…