
O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi Temur Kapadze Indoneziya safari chog‘ida “Garuda TV”ga katta intervyu berdi. Suhbat davomida u 2024 yilgi Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi O‘zbekiston U-23 — Indoneziya U-23 to‘qnashuvini yana bir bor yodga oldi va o‘sha kechaning ortidagi sirlar bilan o‘rtoqlashdi.
Kapadzening aytishicha, o‘sha bahs nafaqat taktik jihatdan, balki jamoa uchun uch yil davomida amalga oshirilgan mehnatning eng muhim “sinovi” bo‘lgan.
“Bu o‘yin 3-yillik mehnatimizga baho edi”
«Indoneziyaga qarshi o‘sha uchrashuv biz uchun butun sikl davomida erishgan ishlarimizni namoyon etgan final sinovi edi. Chunki aynan shu o‘yinda g‘alabaga erishib, Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqqanmiz. Juda katta bosim, keskin kayfiyat va asabiy vaziyat bo‘lgan.
Stadionning 80 foizi indoneziyalik muxlislar bilan to‘lgan edi, ular haqiqiy 12-o‘yinchi kabi jamoasini olg‘a yetakladi. Ammo biz oxirgi daqiqagacha taslim bo‘lmadik va maqsadga yeta oldik. Bu oddiy bahs emas — karyeramdagi eng ta’sirli uchrashuvlardan biri bo‘lgan. Indoneziya juda moslashuvchan va qattiq qarshilik ko‘rsatdi», — dedi Kapadze.
O‘sha kunning natijasi
Ushbu o‘ta mas’uliyatli yarim finalda O‘zbekiston U-23 termasi 2:0 hisobida zafar quchgan va natijada Parij Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.
Kapadze ta’kidlaganidek, bu o‘yin nafaqat natija, balki jamoaning ruhi, irodasi va xarakterini namoyon qilgan tarixiy bahs sifatida xotiralarda qolgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.