
Argentina yaqinda 2026 yilgi jahon chempionati guruh bosqichidagi raqiblarini bildi: Jazoir, Avstriya va Iordaniya. Buenos-Ayresda qur’a natijasi yengillik bilan qabul qilindi.
Lionel Messi ham so‘nggi mundialiga tayyorgarlikni boshlab yuborgandi, muxlislar safar rejalari va chiptalar masalasini ko‘zdan kechira boshlagan edi. Biroq vaziyat kutilmaganda keskinlashdi.
La Nacion nashri Argentina futbolini larzaga keltirgan tergov tafsilotlarini e’lon qildi. Mazmuni shunday: agar davlat organlari futbol rahbariyatining korrupsiyadagi aybini sud orqali isbotlasa va amaldorlar lavozimidan chetlashtirilsa, FIFA buni milliy federatsiya ishlariga davlat aralashuvi sifatida baholab, Argentinani turnirdan chetlatishgacha borishi mumkin.
Tergov markazida Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) prezidenti Klaudio Tapia turibdi. Uning Pilar hududidagi hashamatli mulkiga egalik huquqi savol ostiga olingan: 10 gektar yer, vertolyot qo‘nish maydonchasi, otxonalar hamda 50 tadan ortiq noyob avtomobillar kolleksiyasi tilga olinadi.
Hujjatlarda mazkur mulk pensioner ayol va xususiy tadbirkor nomiga rasmiylashtirilgani, politsiya esa ularni nomigagina ko‘rsatilgan shaxslar deb hisoblayotgani aytiladi. Ishda Tapianing yaqin hamkori Pablo Tovigino hamda AFA g‘aznachisi o‘rinbosari Lusiano Nakis ham tilga olinmoqda.
Prezident Xavyer Miley tomonidan davlat moliyasini nazorat qilish uchun tuzilgan ARCA agentligi AFAni 7 million dollarni noqonuniy o‘zlashtirish va soliqlarni to‘lamaslikda gumon qilmoqda. Tergov doirasida federatsiya shtab-kvartirasi va mamlakatdagi 18 klubda tintuvlar o‘tkazilgani xabar qilindi.
Tergovning alohida yo‘nalishi Sur Finanzas moliyaviy kompaniyasi bilan bog‘liq. Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, u Tapianing yaqin do‘sti Ariel Valyehoga tegishli.
Ushbu kompaniya terma jamoa va klublarga eksklyuziv asosda homiylik qilgani, qarzlar ajratgani, shuningdek, translatsiya huquqlari orqali to‘lovlar olgani qayd etiladi. Tergovchilar Sur Finanzasni mablag‘larni talon-toroj qilish va soliqlardan bo‘yin tovlaganlikda gumon qilmoqda.
La Nacion iddaosiga ko‘ra, Valyeho Tapia foydalanishi uchun kredit karta taqdim etgan, u orqali yuz minglab dollar sarflangan. Hozircha rasmiy ayblov e’lon qilingani yo‘q.
Manbalarga ko‘ra, Tapia vaziyatni nazorat qilayotganini aytib, o‘zini xotirjam tutmoqda. Ammo mojaroning FIFA qoidalari bilan to‘qnashadigan tomoni bor.
FIFA nizomi qat’iy: davlat organlari milliy futbol federatsiyalari faoliyatiga aralashmasligi kerak. Agar sud Tapiani aybdor deb topsa va lavozimidan chetlashtirsa, FIFA buni federatsiya mustaqilligiga tajovuz sifatida talqin qilishi ehtimoli bor.
Shu bilan birga, Argentinani jahon chempionatidan chiqarib yuborish amalda tasavvur qilish qiyin. Amaldagi jahon chempioni, Messining ehtimoliy so‘nggi mundiali, 2026 yilgi turnir mezbonlari AQSh, Kanada va Meksika uchun ulkan tomoshabin va daromad omili.
FIFA a’zosi, Rossiya futbol ittifoqining faxriy prezidenti Vyacheslav Koloskov bu borada shunday fikr bildirdi: Argentina baribir jahon chempionatida o‘ynaydi, bunga shubha yo‘q, chunki bu afisha va katta pul. Uning fikri tijorat nuqtayi nazaridan mantiqli: Messi ishtirok etadigan terma jamoani turnirdan chetlatish moliyaviy zarar keltiradi.
Biroq FIFA uchun asosiy mezon daromad emas, nizom va prinsiplar ekani ham bor gap: federatsiyalar mustaqilligi masalasida tashkilot murosasiz bo‘lishi mumkin. Ssenariylar ikki xil: amaldorlar tezda oqlansa yoki lavozimdan ketib, AFA islohotlarga tayyorligini ko‘rsatsa, mojaro yumshashi mumkin.
Agar jarayon cho‘zilib ketsa va davlat aralashuvi haqidagi bahslar kuchaysa, FIFA sanksiya qo‘llashi uchun formal asos paydo bo‘ladi. Bunday chora realmi?
Shubhali. Katta turnirlar arafasida federatsiyadagi korrupsiya sabab terma jamoalarni chetlatish bo‘yicha amaliyot deyarli uchramagan.
Quvayt va ayrim boshqa holatlarda gap jahon chempionatlari emas, rejadagi musobaqalar haqida borgan. Shunga qaramay, Argentinadagi ish tez sur’atda kengaymoqda: tintuvlar, millionlab dollarlar, nomigagina shaxslar, “do‘stona” kredit kartalari haqidagi iddaolar.
Natijada Messi o‘zining ehtimoliy so‘nggi mundialini jarohat yoki yosh tufayli emas, balki Argentina futbolini boshqarayotgan rahbarlar atrofidagi mojaro sabab o‘tkazib yuborish xavfi ostida qolmoqda. 2026 yilgi jahon chempionati 11 iyun kuni start oladi.
Ungacha vaqt bor. Masala shundaki, Argentina rasmiylari mojaroning shovqinini kattalashtirmasdan, qonuniy tartibda tezda yakunlay oladimi va FIFA shovqin ortsa ham, bunga ko‘z yumishga tayyormi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.