Salma Paralluelo Barselonani tark etib Lion safiga koʻchib oʻtdi

Ispaniya ayollar terma jamoasining yulduzi va jahon chempioni Salma Paralluelo faoliyatida yangi sahifa ochdi. 22 yoshli hujumchi Ispaniyaning Barselona klubini tark etib, Fransiyaning eng kuchli jamoalaridan biri boʻlmish Lion (OL Lyonnes) bilan toʻrt yillik shartnoma imzoladi. Bu transfer ayollar futbolidagi yozgi mavsumning eng shov-shuvli voqealaridan biriga aylandi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Goal.com nashri bergan maʼlumotlarga koʻra, Paralluelo erkin agent sifatida fransuz klubi safiga qoʻshilgan. Uning Barselona bilan shartnomani uzaytirish borasidagi muzokaralari iyun oyida muvaffaqiyatsiz yakunlangan edi. Endilikda iqtidorli futbolchi 2030-yilga qadar moʻljallangan kelashuv asosida Fransiya chempionatida toʻp suradi.
Yangi chorlov va eski tanishlar
Mazkur transfer Salma uchun Ispaniyadan tashqaridagi ilk professional tajriba boʻladi. Qizigʻi shundaki, u Lionda oʻzining sobiq ustozi Jonatan Giraldez bilan yana birga ishlaydi. Aynan Giraldez qoʻl ostida Paralluelo oʻzining eng sermahsul mavsumini oʻtkazgan boʻlib, 2023-24 yillar davomida 34 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan edi.Barselona safidagi toʻrt yillik faoliyati davomida Salma Paralluelo haqiqiy gʻolibga aylandi. U Kataloniya klubi bilan jami 14 ta yirik sovrinni qoʻlga kiritdi. Ular orasida uch bor ayollar oʻrtasidagi Chempionlar ligasi gʻolibligi va toʻrt marta Ispaniya chempionligi bor. Umumiy hisobda u koʻk-anorranglilar libosida 131 ta oʻyinda maydonga tushib, 72 bor raqiblar darvozasini ishgʻol qilgan.
Lionning ulkan maqsadlari
Lion klubi ushbu transfer orqali Yevropa futbolida oʻz gegemonligini qayta tiklashni maqsad qilgan. Paralluelodan tashqari, jamoa tarkibiga Caroline Weir, Maria Luisa Grohs va Johanna Rytting Kaneryd kabi mahoratli futbolchilar ham kelib qoʻshilgan. Bu kabi kuchli transfer kampaniyasi klubning kelgusi mavsumlarda ham ichki chempionatda, ham xalqaro maydonda mutlaq yetakchi boʻlish niyatini tasdiqlaydi.Eʼtiborli jihati shundaki, Salma Barselonadagi soʻnggi oʻyinida aynan oʻzining yangi jamoasi — Lion darvozasiga Chempionlar ligasi finalida ikkita gol urgan edi. Endi esa u fransuz klubining asosiy hujumchi sifatida gollar urishi kutilmoqda. Futbolchi 27-iyuldan boshlab jamoaning mashgʻulotlariga qoʻshiladi va toʻrt kundan soʻng rasman keng jamoatchilikka tanishtiriladi.






























Izohlar 0
…