Borussiya Dortmund Serhou Guirassyʻni olib qolish uchun yangi yulduz sotib oladi

Borussiya Dortmund rahbariyati jamoa toʻpurari Serhou Guirassyʻni klubda qolishga koʻndirish uchun ulkan transfer rejasini ishlab chiqdi. Sport Bild nashrining xabar berishicha, hujumchiga kelajakda uning samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan yuqori saviyadagi yangi hujumkor oʻyinchi sotib olish vaʼda qilingan. Sport direktori Ole Book va ijrochi direktor Lars Ricken futbolchi bilan uchrashib, klubning kelgusi transfer rejalari bilan tanishtirishgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
30 yoshli Gvineya terma jamoasi aʼzosining 2028-yilgacha moʻljallangan shartnomasida top-klublar uchun taxminan 35 million yevro miqdorida tovon puli koʻrsatilgan. Guirassy bir muncha vaqtdan beri klubni tark etish haqida oʻylamoqda. Xususan, Istanbulning Fenerbaxche klubi prezidentligiga nomzod Aziz Yildirim agar saylovda gʻalaba qozonsa, sobiq VfB Stuttgart hujumchisini jamoaga olib kelish boʻyicha kelishuvga erishganini maʼlum qilgan edi.
Ole Book Guirassyʻning jamoada qolishiga toʻliq kafolat bermadi. Uning soʻzlariga koʻra, futbolchining gollari jamoa uchun juda muhim va klub uni qoʻyib yubormoqchi emas, biroq rad etib boʻlmaydigan taklif tushsa, bu masala koʻrib chiqilishi mumkin. Borussiya Dortmund yangi transferlarni amalga oshirish uchun Joane Gadou, Kaua Prates va Justin Lerma kabi yosh futbolchilarning sotuvidan tushgan mablagʻlarga tayanmoqda.
Shuningdek, Karim Adeyemi transferi ham yangi xaridlar uchun mablagʻ manbai boʻlishi mumkin. Agar 24 yoshli futbolchi 2027-yilgacha boʻlgan shartnomasini uzaytirmasa, klub uni tekinga qoʻyib yubormaslik uchun yozda sotishga majbur boʻladi. Hozircha Guirassyʻga kim hamrohlik qilishi aniq emas, biroq Jadon Sanchoʻning qaytishi haqidagi mish-mishlar deyarli inkor etilgan.





























Izohlar 0
…