O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi almashdi

O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi almashdi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026 yil may oyi yakunlariga ko‘ra jahon reytingidagi yangilangan natijalarni e’lon qildi. Kuchli 100 nafar shaxmatchi ro‘yxatidan O‘zbekistonning 5 nafar grossmeysteri joy oldi.

Jahon reytingida hamon Magnus Karlsen 2841 reyting ochkosi bilan yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura qayd etildi.

Uzoq vaqtdan buyon birinchi marta O‘zbekistonning birinchi raqamli shaxmatchisi o‘zgardi. Javohir Sindorov Super Chess Classic turniridagi muvaffaqiyatli ishtiroki ortidan reytingini 2777 ochkoga yetkazib, jahon reytingida 4-o‘ringa ko‘tarildi.

Nodirbek Abdusattorov esa o‘tgan oyga nisbatan 3 ochko yo‘qotdi. Uning hisobida ham 2777 reyting ochkosi mavjud bo‘lib, qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 5-pog‘onadan joy oldi.

Shuningdek, Nodirbek Yoqubboyev 2689 ochko bilan 40-o‘rinni, Rustam Qosimjonov 2665 ochko bilan 50-o‘rinni va Shamsiddin Vohidov 2637 ochko bilan 89-o‘rinni egallab turibdi.

Ayollar reytingida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Afruza Hamdamova 2427 ochko bilan 31-o‘ringa ko‘tarilgan bo‘lsa, Gulruhbegim Tohirjonova 2344 ochko bilan Top-100 ro‘yxatining 93-pog‘onasidan o‘rin oldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi FIDE reytingida 2623 ochko bilan 9-o‘rinda bormoqda. Ayollar terma jamoasi esa 2247 ochko bilan 17-pog‘onada qayd etilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar