Luis de la Fuente: Lamine Yamal xuddi Lionel Messi kabi ilohiy iqtidorga ega

Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis de la Fuente Barselona yulduzi Lamine Yamal haqida yuqori fikr bildirib, uni futbol uchun tugʻilgan va Lionel Messi kabi noyob iqtidor sohibi ekanligini taʼkidladi. Murabbiyning fikricha, yosh vingerda faqatgina haqiqiy daho futbolchilarga xos boʻlgan kamyob xislatlar mavjud. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Barselona safida ajoyib mavsumni oʻtkazib, La Ligaʼning eng yaxshi yosh futbolchisi deb topilgan Yamal, bu yozda Ispaniya terma jamoasining asosiy tayanchiga aylanishi kutilmoqda. De la Fuente vingerning oʻziga xos xarakteri uning jahon futboli choʻqqisiga tez koʻtarilishiga sabab boʻlganini qayd etdi.
“Lamine aynan shu daraja uchun tugʻilgan. U juda jasoratli xarakterga ega. Balki bunday bosim sizni yoki meni yanchib tashlagan boʻlardi, lekin bu bolalar oʻzgacha. U 16 yoshida Yevropa chempionatida oʻynadi, hozir esa 18 yoshda. U ulkan media bosimiga dosh beryapti va juda kam xato qilyapti”, — dedi murabbiy The Guardian nashriga bergan intervyusida.
De la Fuente vingerning favqulodda iqtidorini eʼtirof etar ekan, uni Lionel Messi bilan solishtirdi. Garchi yosh futbolchi bunday qiyoslashlardan qochishga harakat qilsa-da, murabbiy ularning ikkalasini ham “Xudo nazari tushgan” daho sportchilar qatoriga qoʻshdi.
“Futbolchilar juda aqlli va yuqori qobiliyatli insonlardir. Ular orasida shunday daholar borki, ularga ilohiy kuch tomonidan oʻzgacha iqtidor berilgan. Bundaylar juda kam: Lamine Yamal, Lionel Messi va yana sanoqli oʻyinchilarni misol keltirish mumkin”, — deya qoʻshimcha qildi Ispaniya ustozi.





























Izohlar 0
…