UEFA Angliya klublarini jarimaga tortdi: Chelsi va Nyukasl moliyaviy qoidalarni buzdi

Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) moliyaviy barqarorlik qoidalarini buzgan bir qator yetakchi klublarga nisbatan jiddiy sanksiyalar eʼlon qildi. Angliya Premer-ligasining toʻrtta vakili — Chelsi, Nyukasl, Nottingham Forest va Aston Villa klublari moliyaviy nazorat organi (CFCB) tomonidan belgilangan limitlardan oshib ketgani uchun yirik miqdorda jarimaga tortildi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
UEFA hisobotiga koʻra, ushbu jamoalar tarkibni shakllantirish xarajatlari boʻyicha oʻrnatilgan 70 foizlik meʼyorni buzganlikda aybdor deb topilgan. Bu qoida klublarning umumiy daromadiga nisbatan futbolchilar maoshi va transfer xarajatlari ulushini cheklashga qaratilgan. Tekshiruvlar 2025-yilgi kalendar yili uchun taqdim etilgan moliyaviy hisobotlar asosida oʻtkazildi.
Nyukasl va Yuventus uchun maxsus kelishuv
Eng ogʻir sanksiyalar Nyukasl va Italiyaning Yuventus klublariga nisbatan qoʻllandi. Ushbu jamoalar UEFA bilan uch yillik maxsus hisob-kitob kelishuviga imzo chekishdi. Nyukasl klubi "futbol daromadlari qoidasi"ni buzgani uchun jami 10 million yevro miqdorida jarimaga tortildi. Shundan 7 million yevrosi shartli boʻlib, klub kelgusi yillarda moliyaviy intizomga rioya qilsa, ushbu mablagʻni toʻlamasligi mumkin.Klublar 2028-29 yilgi mavsumga qadar oʻz moliyaviy holatini toʻliq tartibga solishlari shart. Bu muddat ichida ular UEFA nazorati ostida boʻladi va har yili oʻz koʻrsatkichlarini yaxshilab borishlari talab etiladi. Aks holda, jamoalar Yevrokuboklardan chetlatilish xavfi ostida qoladi.
Aston Villa va Chelsi holati
Aston Villa klubi eng katta moliyaviy yoʻqotishga uchradi — birmingemliklar jami 22,5 million yevro miqdorida jarima toʻlaydigan boʻldi. Shuningdek, ushbu klub va Fransiyaning Strasbourg jamoasiga nisbatan UEFA musobaqalari uchun yangi futbolchilarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha cheklovlar joriy etildi. Bu Aston Villa uchun jiddiy zarba boʻlishi mumkin, chunki jamoa ayni damda Chempionlar ligasida ishtirok etmoqda.Chelsi klubi esa nisbatan kamroq — 3 million yevro miqdoridagi jarima bilan qutuldi. UEFA mutaxassislari London klubi va Aston Villa soʻnggi hisobotlarda ijobiy dinamika koʻrsatayotganini qayd etishgan. Shu sababli, ularning jarimalarining bir qismi shartli etib belgilandi va klublar 2026-yilga qadar xarajatlarni qisqartirishda davom etsa, jazo choralari yumshatiladi.
Umuman olganda, UEFA tomonidan jazolangan klublar roʻyxati ancha keng:
- Aston Villa, Chelsi, Nyukasl, Nottingham Forest (Angliya)
- OGC Nice, RC Strasbourg (Fransiya)
- AEK Athens (Gretsiya)
- ACF Fiorentina (Italiya)
- Fenerbahce SK (Turkiya)






























Izohlar 0
…