Avstraliyalik ayol 24 soatda 7079 marta turnikda tortilib rekord o‘rnatdi

Avstraliyalik ayol 24 soatda 7079 marta turnikda tortilib rekord o‘rnatdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Avstraliyalik 34 yoshli Oliviya Vinson 24 soat ichida 7079 marta turnikda tortilib, ayollar o‘rtasida yangi jahon rekordini o‘rnatdi.
  • U 2021 yilda polyalik Paula Gorlo tomonidan qayd etilgan 4081 talik avvalgi natijani deyarli ikki baravarga yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.
  • Rekordga erishish uchun uch oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan sportchi, mashg‘ulotlar jarayonida bitseps payini shikastlab olganiga qaramay, o‘z maqsadiga yetdi.

Avstraliyalik 34 yoshli Oliviya Vinson 24 soat ichida turnikda 7079 marta tortilib, ayollar o‘rtasidagi Ginnessning jahon rekordini yangiladi. U avvalgi natijani deyarli ikki baravarga oshirib, jismoniy chidamlilik borasidagi ulkan yutug‘i bilan e’tibor markaziga tushdi.

Qizig‘i shundaki, bu g‘oya dastlab Oliviyaning turmush o‘rtog‘i va murabbiyi tomonidan taklif qilingan. Fitnes bilan shug‘ullanuvchi ayol avvaliga bunday rekordni yangilash mumkinligiga ishonmay, taklifni eshitib kulgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan u bu maqsadga erishish imkoniyatini jiddiy o‘rgana boshlagan.

Oliviya sinovga tayyorlanish uchun uch oy davomida mashq qildi. Ammo rekord o‘rnatishga urinish jarayonida bitseps payini shikastlab oldi va turnikda tortilishni davom ettira olmadi. Shu sababli rejasini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Bir necha oy davomida tiklangach, u yana mashg‘ulotlarga qaytib, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadini amalga oshirishga qaror qildi.

«Men o‘zim uchun yanada kattaroq sinov izlayotgandim. Turmush o‘rtog‘im va murabbiyim 24 soat davomida turnikda tortilishni taklif qilishdi. Avvaliga bu gapni eshitib, chindan ham kuldim, chunki buni uddalay olishimga ishonmasdim. O‘sha paytdagi rekord 4081 marta ekanini ko‘rdim va yana buning iloji yo‘q, deb o‘yladim. Keyin biroz hisob-kitob qilib, balki buni amalga oshira olarman, degan xulosaga keldim», — dedi Vinson Ginness vakillariga.

Oddiy inson uchun 24 soat ichida minglab marta turnikda tortilishning o‘zi ham deyarli imkonsizdek tuyuladi. Oliviya esa bu natijadan ancha yuqori ko‘rsatkichga erishdi. Avvalgi rekord 2021 yilda polyalik Paula Gorlo tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, u 4081 marta turnikda tortilgan edi.

Joriy yilning 29–30 mart kunlari 34 yoshli avstraliyalik ayol ushbu natijani yangilab, 24 soat davomida jami 7079 marta turnikda tortilishga muvaffaq bo‘ldi. Bu o‘rtacha har bir daqiqada besh martaga yaqin tortilishni anglatadi.

«Men bu sinovni boshlaganimda, o‘zim uchun bunday natijaga erishish mumkinligiga chindan ham ishonmagan edim. Endi esa bu yutuq menga o‘zim uddalay olmayman deb o‘ylagan barcha narsalar haqidagi qarashlarimni qayta ko‘rib chiqishga majbur qilmoqda», — dedi Oliviya.

Uning ushbu natijasi nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki qat’iyat va sabrning ham ahamiyatini ko‘rsatadi. Oliviya Vinsonning kelgusida yana Ginnessning jahon rekordlari kitobiga kirishi ehtimoldan xoli emas.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar