AirTrunk Hindistonda AI maʼlumotlar markazlari uchun 30 mlrd dollar tikadi

AirTrunk Hindistonda AI maʼlumotlar markazlari uchun 30 mlrd dollar tikadi

Blackstone tomonidan qoʻllab-quvvatlanadigan AirTrunk operatori 2030-yilga qadar Hindiston iqtisodiyotiga 30 milliard dollar investitsiya kiritishini eʼlon qildi. Avstraliya kompaniyasi mamlakatda umumiy quvvati 5 gigavatt (GVt) boʻlgan yangi maʼlumotlar markazlarini barpo etishni rejalashtirmoqda. Bu Janubiy Osiyo mintaqasining raqamli infratuzilmasiga yoʻnaltirilgan eng yirik sarmoyaviy majburiyatlardan biri boʻldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

AirTrunk joriy yil boshida Lumina CloudInfra kompaniyasini sotib olish orqali Hindiston bozoriga kirib kelgan edi. Bernstein tadqiqot firmasi maʼlumotlariga koʻra, Hindistondagi maʼlumotlar markazlari quvvati bugungi 1,5 GW koʻrsatkichidan 2030-yilga borib 8 GWga qadar oʻsishi kutilmoqda. Hindiston hukumati ham sunʼiy intellekt infratuzilmasini jalb qilish uchun xorijiy bulutli xizmat provayderlariga 2047-yilgacha soliq imtiyozlarini taklif qilmoqda.

Kompaniya allaqachon kengayish uchun poydevor qoʻyishni boshlagan. Xususan, Maxarashtra shtatida 3 GW quvvatga ega yirik loyiha uchun yer ajratish boʻyicha kelishuvga erishilgan. AirTrunk bosh ijrochi direktori Robin Khuda va Bosh vazir Narendra Modi oʻrtasidagi uchrashuvdan soʻng, ushbu investitsiya Hindistonning bulutli hisoblash va sunʼiy intellekt boʻyicha global xabga aylanishiga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Hozirda Amazon, Google, Microsoft va OpenAI kabi texnologik gigantlar ham Hindistonda oʻz infratuzilmalarini kengaytirmoqda. Biroq, ekspertlar maʼlumotlar markazlarining elektr energiyasi, suv va yer resurslariga boʻlgan ulkan ehtiyoji kelajakda asosiy toʻsiq boʻlishi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Deloitte hisob-kitoblariga koʻra, Osiyo-Tinch okeani mintaqasida bunday loyihalar oʻnlab teravatt-soat qoʻshimcha energiya talab qiladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar