Startap asoschilari venchur investorlar bilan bogʻliq dahshatli hikoyalarni boʻlishdi

Texnologik startap asoschilari uchun venchur kapitalistlardan (VC) investitsiya soʻrash oʻziga xos sinov hisoblanadi. Biroq, bu jarayon koʻpincha kutilmagan va gʻalati vaziyatlar bilan yakunlanadi. Shu haftada X ijtimoiy tarmogʻida Greg Isenberg tomonidan boshlangan muhokama minglab foydalanuvchilar eʼtiborini tortdi. Isenberg oʻzining eng nufuzli venchur kompaniyalaridan biridagi uchrashuvda bosh hamkorlardan biri 30 daqiqa davomida uxlab qolgani, ammo hech kim buni sezmagandek uchrashuvni davom ettirganini soʻzlab berdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Qizigʻi shundaki, uxlab qolish har doim ham rad javobini anglatmaydi. Zynga asoschisi Mark Pincus va First Round Capital hamkori Liz Wessel kabi tadbirkorlar uchrashuv vaqtida uxlab qolgan investorlardan keyinchalik sarmoya takliflarini (term sheet) olganliklarini maʼlum qilishdi. Wessel hatto oʻsha vaqtda mashhur "Midas" roʻyxatiga kirgan investorning taklifini rad etganini, bu esa venchur kapitalistni hayratda qoldirganini taʼkidladi.
Muhokamalarda nafaqat uyqu bilan bogʻliq, balki moliyaviy axloqqa zid holatlar ham tilga olindi. Baʼzi asoschilar investorlar oxirgi pallada kelishuvdan voz kechgani yoki pulni oʻtkazmasdan gʻoyib boʻlgani (ghosting) haqida yozishgan. Eng hayratlanarlisi, ayrim investorlar sarmoya kiritmagan boʻlsa-da, keyinchalik kompaniyadan hisobotlar talab qilishda davom etishgan yoki sotuvdan tushgan foydadan ulush soʻrashgan.
Uber asoschilaridan biri Travis Kalanick ham oʻzining qatʼiyatliligi bilan bogʻliq hikoyasini ulashdi. U uchrashuvdan qochib ketmoqchi boʻlgan investorning ortidan avtomobiligacha borib, pitch-taqdimotini mashinaning yoʻlovchi oʻrindigʻida oʻtirgan holda yakunlaganini soʻzlab berdi. Bu kabi hikoyalar Silikon vodiysidagi investitsiya muhitining naqadar murakkab va baʼzan absurd ekanligini koʻrsatmoqda.





























Izohlar 0
…