NASA Marsga parvoz uchun yadroviy dvigatel loyihasini tezlashtirmoqda

NASA Marsga parvoz uchun yadroviy dvigatel loyihasini tezlashtirmoqda

NASA agentligi Marsga parvoz qilish uchun moʻljallangan yadroviy elektr dvigatel qurilmasini namoyish etuvchi Space Reactor 1 Freedom (SR-1 Freedom) missiyasini boshqarishning soddalashtirilgan modelini ishlab chiqmoqda. Taxminan 2,5 yildan soʻng uchirilishi rejalashtirilgan ushbu missiya tarixda ilk bor yadroviy reaktor yordamida hosil qilingan elektr energiyasi orqali ionli yoki plazmali dvigatellarni harakatga keltirishni koʻzda tutadi. Bunday texnologiya uzoq masofali sayyoralararo parvozlar uchun yuqori samaradorlikni taʼminlaydi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

NASA maʼmuriyati loyihani amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida boshqaruv jarayonlarini qayta koʻrib chiqmoqda. Agentlik rahbari oʻrinbosari v.b. Lori Glaze taʼkidlashicha, tashkilot amaldagi talablarga rioya qilgan holda, qaror qabul qilishdagi kechikishlarni kamaytirish va maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etish uchun ularni moslashtirmoqda. Bu yondashuv loyihani belgilangan qisqa muddatlarda yakunlash imkonini beradi.

Missiyaning tezkor amalga oshirilishi mavjud texnik bazadan foydalanish bilan bogʻliq. Platforma sifatida Gateway oy stansiyasi uchun yaratilayotgan Power and Propulsion Element (PPE) moduli tanlangan. Shuningdek, yadroviy qism uchun AQSH Energetika vazirligi (Department of Energy) tomonidan ishlab chiqilgan tadqiqot reaktorlari loyihalaridan foydalaniladi. Qurilma reaktorni asosiy qismdan ajratib turuvchi uzun ferma va issiqlikni chiqarib yuboruvchi yirik radiatorlar bilan jihozlanadi.

SR-1 Freedom missiyasi doirasida Marsga SkyFall apparati ham yetkaziladi. Ushbu tizim sayyora atmosferasiga kirib, Ingenuity konstruksiyasiga asoslangan uchta kichik vertolyotni ishga tushiradi. NASA yangi ishlanmalar hajmini minimallashtirib, Perseverance missiyasida sinovdan oʻtgan texnologiyalardan maksimal darajada foydalanishni maqsad qilgan.

Loyiha qiymati hozircha rasman ochiqlanmagan. SR-1 Freedom 2027-moliya yili uchun budjet soʻroviga kiritilmagan boʻlsa-da, uni moliyalashtirish mavjud mablagʻlarni, jumladan, Gateway dasturi uchun ajratilgan budjetning bir qismini qayta taqsimlash hisobiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar

NASA Marsga parvoz uchun yadroviy dvigatel loyihasini tezlashtirmoqda – Zamin.uz, 06.06.2026