GM elektromobillar kelajagini yangi akkumulyator texnologiyasi bilan bogʻlamoqda

Detroit yaqinidagi Warren Tech Center hududida General Motors kompaniyasining 900 million dollarlik strategik loyihasi — yangi Akkumulyator elementlarini ishlab chiqish markazi ish boshladi. Ushbu 500 000 kvadrat futlik majmua GM uchun elektromobillar tannarxini qariyb 10 foizga kamaytirish imkonini beruvchi kalit vazifasini oʻtaydi. Baʼzi avtogigantlar elektr transporti rejalaridan chekinayotgan bir paytda, GM ushbu markaz yordamida arzonroq akkumulyatorlarni rejalashtirilganidan bir yil oldin bozorga chiqarishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniyaning akkumulyatorlar va barqaror rivojlanish boʻyicha vitse-prezidenti, ilgari Tesla kompaniyasida batareya texnologiyalariga rahbarlik qilgan Kurt Kelty muvaffaqiyat garovi sifatida LMR (litiy-marganetsga boy) deb nomlanuvchi yangi kimyoviy tarkibni koʻrsatmoqda. Uning soʻzlariga koʻra, aynan LMR texnologiyasi kompaniyaning asosiy mahsulot liniyasiga aylanadi. Bu GM uchun AQSH bozoridagi turgʻunlik va Xitoy kompaniyalari bilan kuchayib borayotgan raqobat fonida muhim qadamdir.
Hozirga qadar GM va butun sanoat qimmat, ammo kuchli NMC (nikel-marganets-kobalt) tarkibiga tayangan edi. Biroq xomashyo narxining oshishi va Xitoyning muhim minerallar ustidan nazorati elektromobillar narxini kutilganidan yuqori ushlab turdi. Endilikda NMC faqat yuqori toifadagi (premium) modellarda qoladi, ommaviy modellar esa LMR tarkibiga oʻtkaziladi. Bu texnologiya NMC kabi yuqori energiya zichligiga ega boʻlsa-da, narxi Chevrolet Bolt kabi arzon modellarda ishlatiladigan LFP batareyalari bilan raqobatlasha oladi.
Yangi LMR texnologiyasi Chevrolet Silverado EV kabi yuk mashinalarida 400 mildan ortiq masofani bosib oʻtish imkoniyatini saqlab qolgan holda, xarajatlarni kamida 6 000 dollarga qisqartiradi. Bu esa oʻrta toifadagi elektromobillar narxini anʼanaviy ichki yonuv dvigatelli avtomobillar narxiga maksimal darajada yaqinlashtirishga xizmat qiladi.





























Izohlar 0
…