Illinoys shtatida kriptovalyuta soligʻi qonun darajasiga koʻtarilmoqda

Illinoys Bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan 56 milliard dollarlik shtat byudjeti loyihasi kriptovalyuta foydalanuvchilari uchun yangi soliq turini joriy etishni koʻzda tutmoqda. 2027-moliya yili uchun moʻljallangan ushbu qonun loyihasiga koʻra, kripto tranzaksiyalaridan 0,2 foiz miqdorida soliq undirilishi taklif etilmoqda. Mazkur toʻlov raqamli aktivlar brokerlari tomonidan amalga oshiriladigan savdo operatsiyalariga nisbatan qoʻllaniladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
“Digital Asset Privilege Tax Act” deb nomlangan ushbu tuzatish Illinoys hududida faoliyat yurituvchi barcha raqamli aktiv brokerlari uchun majburiy roʻyxatdan oʻtish talablarini ham oʻz ichiga oladi. 1-yanvardan boshlab ushbu qoidalarga amal qilmagan brokerlar 3-darajali ogʻir jinoyatda aybdor deb topilishi mumkin. Bu esa ikki yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va 25 000 dollargacha jarima solishga sabab boʻladi.
Hozirda mazkur qonun loyihasi shtat gubernatori JB Pritzker tomonidan imzolanishi kutilmoqda. Gubernator qonunni tez orada imzolash niyatida ekanligini maʼlum qilgan. Mahalliy qonun chiqaruvchilar ushbu yangi soliq turi orqali shtat gʻaznasiga qoʻshimcha 60 million dollar mablagʻ tushishini prognoz qilishmoqda.
Biroq, kripto sanoati vakillari va faollari ushbu tashabbusga keskin qarshilik koʻrsatmoqda. The Digital Chamber va Illinois Blockchain Association vakillari shtat maʼmuriyatiga yoʻllagan maktubida, bunday soliq iqtisodiy jihatdan halokatli boʻlishini va soha vakillari bilan maslahatlashilmaganini taʼkidlashgan. Ularning soʻzlariga koʻra, AQSHning boshqa hech bir shtatida bunday turdagi soliq mavjud emas.
Ushbu chora-tadbirlar gubernator Pritzkerning shtat xodimlariga Kalshi va Polymarket kabi platformalarda pul tikishni taqiqlash haqidagi farmonidan soʻng yuzaga keldi. Rasmiylar bunday platformalar orqali yopiq maʼlumotlardan shaxsiy boyish maqsadida foydalanish xavfidan xavotirda ekanliklarini bildirishgan.


























Izohlar 0
…