IBM kompaniyasi yirik kiberhujumlarni yashirganlikda ayblanmoqda

IBM kompaniyasining kiberxavfsizlik boʻyicha sobiq vitse-prezidenti William Barlow korporatsiyani oʻtgan oʻn yillik davomida sodir boʻlgan bir nechta yirik maʼlumotlar oʻgʻirlanishini yashirganlikda aybladi. 2020-yilda topshirilgan va shu haftada eʼlon qilingan sud hujjatlariga koʻra, IBM tarmogʻi 2013-yildan 2016-yilgacha xorijiy hukumatlar, xususan, Xitoy xakerlari tomonidan bir necha bor buzib kirilgan, biroq kompaniya bu haqda na jamoatchilikka, na davlat organlariga xabar bergan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Barlow oʻz daʼvosida IBM asosiy tarmogʻi xorijiy davlat agentlari tomonidan muntazam ravishda buzib kelinganini va maʼlumotlar tez-tez oʻgʻirlanganini taʼkidlamoqda. Xususan, Xitoy hukumatiga aloqador APT 10 guruhi kompaniya tarmogʻiga 56 000 martadan ortiq kirishga muvaffaq boʻlgani aytilmoqda. Ushbu guruh AT&T bilan hamkorlikda saqlangan maʼlumotlarga ham kirish imkoniga ega boʻlgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda Five Eyes alyansi (AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiya razvedka xizmatlari) IBM kompaniyasini kiberhujum haqida ogohlantirgan. Shundan soʻng oʻtkazilgan ichki tekshiruv xakerlar tizimga chuqur kirib borganini tasdiqlagan, biroq kompaniya tarmoqqa kirish jurnallarini (logs) saqlamagani sababli hujum koʻlamini toʻliq aniqlay olmagan.
IBM vakili Miki Carver ushbu ayblovlarni rad etib, Adliya vazirligi ishga aralashishdan bosh tortganini va kompaniya qonun doirasida ish tutganiga ishonchi komil ekanini bildirdi. Shunga qaramay, AQSH federal hukumatining yirik kiberxavfsizlik yetkazib beruvchisi boʻlgan kompaniyaning bunday hodisalarni yashirishi sohada katta munozaralarga sabab boʻlmoqda.





























Izohlar 0
…