Apple Yevropa Ittifoqida shaffoflik soʻrovlari qoidalarini yumshatdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Apple kompaniyasi Yevropa Ittifoqidagi regulyatorlar bilan kelishuvga ko'ra, ilovalarda foydalanuvchilarni kuzatishga rozilik olish talablarini o'zgartirdi.
- Yangi qoidalarga ko'ra, rozilik oynalari endi to'liq sahifali ekran tarzida namoyish etiladi va "kuzatish" so'zi olib tashlanib, "Ruxsat berish" hamda "Rad etish" variantlari taklif etiladi.
- Ushbu o'zgarishlar faqat Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha va Ruminiyada tarqatiladigan ilovalar uchun amal qiladi.
Germaniya federal raqobat idorasi va boshqa Yevropa regulyatorlarining koʻp yillik antimonopoliya tekshiruvlari oʻz natijasini berdi. ixbt.com maʼlumotiga koʻra, Apple kompaniyasi oʻz platformalaridagi ilovalar uchun foydalanuvchilarni kuzatishga rozilik olish talablarini oʻzgartirishga rozilik bildirgan. Mazkur oʻzgarishlar raqobat muhitini adolatli qilish va muvozanatni tiklashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Gap shundaki, Apple tomonidan joriy etilgan App Tracking Transparency (ATT) tizimi uzoq vaqtdan beri tanqidlarga uchrab kelayotgan edi. Regulyatorlarning fikricha, bu tizim kompaniyaning oʻz ilovalariga hech qanday ogohlantiruvchi soʻrovlarsiz foydalanuvchi maʼlumotlaridan foydalanish imkonini berib, uchinchi tomon dasturlariga nisbatan sunʼiy ustunlik yaratgan. Natijada raqamli bozor ishtirokchilari, xususan, reklama daromadlariga tayanuvchi bizneslar jiddiy zarar koʻrgan.
Yevropalik foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatlar
Yevropa Ittifoqi davlatlari raqobat idoralari bilan erishilgan kelishuvga koʻra, foydalanuvchilardan rozilik soʻrash zaruriyati saqlanib qoladi, biroq uning shakli tubdan oʻzgaradi. Dasturchilarga yanada yumshoqroq va qoʻrqitmaydigan formatdagi muqobil oynalarni koʻrsatishga ruxsat beriladi. Ushbu yangiliklar qatoriga oltidan ortiq muhim tuzatishlar kiritilgan boʻlib, ular oxirgi isteʼmolchilarning qaroriga ijobiy taʼsir koʻrsatishi kutilmoqda.Xususan, yangi qoidalarga muvofiq, rozilik oynalari endi kichik pop-ap shaklida emas, balki toʻliq sahifali ekran tarzida namoyish etiladi. Shuningdek, matndagi «kuzatish» (track) soʻzi olib tashlanib, tugmalar dizayni oʻzgartirildi. Endilikda foydalanuvchilarga «Ruxsat berish» hamda «Rad etish» variantlari taklif etiladi, avvalgidek «Ilovadan kuzatmaslikni soʻrash» iborasi ishlatilmaydi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar va hududiy cheklovlar
Dasturchilarga foydalanuvchilarga nima uchun bunday ruxsat zarurligini tushuntiruvchi qoʻshimcha maʼlumotlarga ega havolalarni joylashtirish imkoniyati ham berilmoqda. Ushbu oʻzgarishlar qonuniy talablarga koʻra, faqatgina Germaniya, Fransiya, Italiya, Polsha va Ruminiyada tarqatiladigan ilovalar uchun amal qilishi maʼlum qilindi.Mutaxassislarning taʼkidlashicha, oldingi qoʻrqituvchi tizim tufayli foydalanuvchilarning aksariyati kuzatishni rad etgan va bu Meta kabi reklama bizneslariga zarba bergandi. Apple esa shaxsiy maʼfautlar va maxfiylikni himoya qilishni bahona qilib, oʻz ekotizimidan foydalangan holda shaxsiylashtirilgan reklamalarni koʻrsatishda davom etgan. Endilikda esa ilova yaratuvchilarga Yevropa Ittifoqi foydalanuvchilaridan oxirgi tanlovidan bir yil oʻtib qayta rozilik soʻrashga ruxsat etiladi.






























Izohlar 0
…