Apple yangilangan Siri AI tizimini ommaviy sinovdan oʻtkazishni boshladi

Apple korporatsiyasi oʻzining eng yirik yangilanishlaridan biri — sunʼiy intellekt asosida tubdan qayta ishlangan Siri ovozli yordamchisining iOS 27 ommaviy beta-versiyasini taqdim etdi. Endilikda oddiy foydalanuvchilar ham ushbu tizimni kuzda boʻlib oʻtadigan rasmiy relizdan avval sinab koʻrish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Bu Apple kompaniyasining ChatGPT, Gemini va Claude kabi raqobatchilarga qarshi asosiy javobi sifatida koʻrilmoqda. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Dunyo boʻylab 2,5 milliarddan ortiq faol qurilmalar mavjudligini hisobga olsak, ushbu beta-versiyaning ishga tushirilishi Apple tarixidagi eng yirik sunʼiy intellekt sinovi boʻladi. Iyun oyida boʻlib oʻtgan WWDC konferensiyasida anons qilingan ushbu yangilanish Siri tizimini oddiy yordamchidan foydalanuvchining qurilmasidagi maʼlumotlarni tahlil qila oladigan kuchli vositaga aylantiradi.
Yangi imkoniyatlar va integratsiya
Yangi Siri nafaqat tashqi koʻrinishi, balki ishlash tamoyili bilan ham farq qiladi. U foydalanuvchining elektron pochta xabarlari, fotosuratlari va matnli xabarlaridan maʼlumotlarni qidirib topishi, ekranda nima sodir boʻlayotganini tushunishi hamda zamonaviy chatbotlar kabi mantiqiy savollarga javob berishi mumkin. Foydalanuvchilar Siri bilan muloqot qilish uchun nafaqat ovozli buyruq yoki yon tugmadan, balki Dynamic Island qismidan pastga surish orqali ham foydalanishlari mumkin.Shuningdek, Apple birinchi marta Siri uchun alohida ilovani ham taqdim etdi. Bu ChatGPT yoki Gemini kabi interfeyslarga oʻrganib qolgan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratadi. Biroq, ixbt.com maʼlumotiga koʻra, tizim operatsion tizimning har bir boʻgʻiniga chuqur integratsiya qilingani sababli, alohida ilovaga ehtiyoj deyarli qolmaydi. Yangilanish nafaqat iPhone, balki iPad, Mac, Apple Watch va hatto Vision Pro qurilmalarida ham mavjud.
Texnologik asos va xavfsizlik
Siri AI tizimining asosi Apple Intelligence texnologiyasiga tayanadi. Kompaniya oʻzining Foundation Models modellarini Google bilan hamkorlikda yaratgan boʻlsa-da, bu shunchaki Gemini tizimining qayta nomlangan versiyasi emas. Apple oʻzining maxsus maʼlumotlari va Apple Silicon chiplari uchun optimallashtirilgan algoritmlardan foydalangan. Bu tizim yanada samaraliroq va tezroq ishlashini taʼminlaydi.Xavfsizlik masalasida Apple Private Cloud Compute texnologiyasini joriy qildi. Bu foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlari bulutli serverlarda saqlanmasligini va hatto Apple kompaniyasining oʻzi ham bu maʼlumotlarga kira olmasligini kafolatlaydi. Dastlabki sinovlar shuni koʻrsatdiki, Siri endi quyidagi vazifalarni osonlik bilan bajarmoqda:
- Foto kutubxonadan aniq bir voqea tasvirlangan suratlarni topish;
- Guruh boʻlib yozishilgan xabarlarni qisqacha mazmunini chiqarib berish;
- Xabarlar orqali kelgan uchrashuv vaqtini avtomatik ravishda taqvimga qoʻshish;
- Kamera koʻrib turgan mahsulotlarning ozuqaviy qiymati haqida maʼlumot berish.






























Izohlar 0
…