Qahva chiqindisidan yuqori sifatli yoqilgʻi: Janubiy Koreyada yangi texnologiya yaratildi

Janubiy Koreya Geofanlar va mineral resurslar instituti (KIGAM) olimlari qahva qoldiqlarini (shulxasini) bor-yoʻgʻi 90 soniya ichida yuqori energiyali yoqilgʻiga aylantirishning noyob usulini ishlab chiqishdi. Ushbu kashfiyot chiqindilarni qayta ishlash sohasida inqilobiy qadam boʻlishi kutilmoqda, chunki u biomassa bilan ishlashdagi eng qimmat va murakkab jarayon — xomashyoni oldindan quritish bosqichini butunlay chetlab oʻtadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com nashrining maʼlumotiga koʻra, yangi texnologiya asosini plazmali piroliz (Flame Plasma Pyrolysis) tizimi tashkil etadi. Bu usul orqali namlikka toʻyingan qahva chiqindilari oʻz xususiyatlariga koʻra eng sifatli toshkoʻmir turi hisoblangan antratsitga yaqin boʻlgan biokoʻmirga aylanadi. Odatda biomassa tarkibidagi namlik uni qayta ishlashni qiyinlashtiradi, biroq koreyalik muhandislar bu toʻsiqni samarali yechim bilan bartaraf etishdi.
"Popkorn effekti" va texnologik jarayon
Tadqiqotchilar 800–900 °C haroratdagi plazma alangasidan foydalanishgan. Qizigʻi shundaki, bu jarayonda namlik xalaqit berish oʻrniga, yordamchi vazifasini bajaradi. Yuqori haroratli muhitga tushgan qahva zarralari ichidagi suv bir zumda bugʻga aylanadi va ichki bosim materialni goʻyo portlatib yuboradi. Olimlar buni "popkorn effekti" deb atashmoqda. Natijada material strukturasi tezda buzilib, gʻovak holatga keladi va qisqa vaqtda uglerodli yoqilgʻiga aylanadi.Olingan biokoʻmirning koʻrsatkichlari mutaxassislarni hayratda qoldirdi. Uning yonish issiqligi har kilogramm uchun 29 MJ ni tashkil etadi, bu esa oddiy qahva qoldigʻidan uchdan bir baravar yuqoridir. Shuningdek, material tarkibidagi sof uglerod miqdori 15,6 foizdan 46,2 foizgacha, yaʼni deyarli uch baravarga oshgan.
Ekologik nuqtai nazardan ham ushbu usul juda samarali. Plazmali ishlov berish jarayonida oltingugurt birikmalari toʻliq yoʻqoladi, bu esa yoqilgʻi yonganda atmosferaga zararli dioksid gazlari chiqishining oldini oladi. Anʼanaviy usullarga qaraganda tutun va smola miqdori ham sezilarli darajada kamayadi.
Keng koʻlamli imkoniyatlar
Yangi texnologiyaning asosiy ustunligi uning tezligidadir. Taqqoslash uchun: biomassa bilan ishlashning boshqa usullari 30 daqiqadan 6 soatgacha vaqt talab qilsa, KIGAM qurilmasi bu vazifani 2 daqiqadan kamroq vaqtda bajaradi. Bu esa sanoat miqyosida energiya va vaqtni tejash imkonini beradi.Olimlarning taʼkidlashicha, olingan mahsulotdan faqat yoqilgʻi sifatida foydalanish bilan cheklanib qolmaslik mumkin. Yuqori gʻovaklik xususiyati tufayli ushbu biokoʻmir quyidagi maqsadlarda ham qoʻllanilishi mumkin:
- Faollashtirilgan koʻmir ishlab chiqarish;
- Sanoat sorbentlari yaratish;
- Suv va havoni tozalash uchun filtratsiya tizimlari.
Loyiha mualliflariga koʻra, ushbu uslubni nafaqat qahva, balki boshqa oziq-ovqat chiqindilari, qishloq xoʻjaligi qoldiqlari va hatto oqova suv loyqalarini qayta ishlashda ham qoʻllash mumkin. Bu esa kelajakda shahar chiqindixonalarini foydali energiya manbaiga aylantirishga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…