08:27 / 13.11.2018
12 814

Qandli diabet endi O‘zbekistonda davolanadi

Qandli diabet endi O‘zbekistonda davolanadi
Qandli diabet haqida aksariyatda quyidagicha tasavvur shakllangan: bemor butun umr parhez tutib yurishga va insulin qabul qilishga mahkum. Haqiqatan ham shundaymi?

Osiyo mamlakatlari aholi orasida qandli diabetning tarqalgani bo‘yicha birinchi o‘rinni egallaydi: naq 56 foiz! O‘zbekistonda ham ushbu kasallik bilan bog‘liq muammolar va uni davolash masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida G‘arb mamlakatlari aholisida yoppasiga semirish kuzatilgan. Bu holatni bartaraf etishi uchun turli tadqiqotlar o‘tkazligan, jumladan, jarrohlik yo‘li ham sinab ko‘rilgan. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorlarda qondagi qand (glyukoza) miqdorining ham me’yorlashgani kuzatiladi, natijada, bu diabetni xirurgik yo‘l bilan davolashga asos bo‘ldi.

O‘zbekistonga bu amaliyotni Toshkent tibbiyot akademiyasi xirurgik kasalliklar kafedrasi assistenti, jarroh Umid Ro‘ziyev olib kirdi. Janubiy Koreyada bu usulni o‘rgangan, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston davlatlarida malakasini oshirgan jarrohning aytishicha, endi diabetdan aziyat chekuvchilar davo qidirib, chet elga borishlariga hojat yo‘q, o‘zimizda ham bemalol davolanish mumkin.

Qandli diabetning ikki tipi mavjud. Birinchi tip kam uchraydi va organizmda insulin ishlab chiqarilmasligi bilan kechadi. Ikkinchi tip esa ko‘proq yoshi kattalar orasida kuzatiladi hamda organizmda ishlab chiqarilayotgan insulinga nisbatan sezuvchanlikning yo‘qolishi bilan bog‘liq. Bu tur semizlik, oshqozon osti bezi kasalliklari, alkogol iste’moli kabilar negizida rivojlanadi. Taqdim qilinayotgan davo usuli ham aynan ikkinchi turni davolashga mo‘ljallangan.

Operatsiyaning maqsadi ortiqcha kilogrammlarni yo‘qotishga qaratilgan, chunki diabetning asosiy sababchisi — semizlik. 9 noyabr kuni sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish mavzusidagi Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektorda ham aholining 46 foizida qonda xolesterin miqdorining ko‘pligi, 31 foizida yuqori qon bosimi borligi ta’kidlandi. Ming afsuski, bizda hech kim unga jiddiy kasallik sifatida yondashmaydi. Ortiqcha vazn negizida rivojlanuvchi yurak-qon tomir kasalliklari, qon bosimi oshishi, umurtqa churrasi, osteoxondroz, bo‘g‘im xastaliklari, shu jumladan, qandli diabet haqida bosh qotirishmaydi.

Foto: Pixabay

O‘zbekiston aholisining o‘lim sabablari tahlil qilib chiqilganda bularning aksariyati infarkt, insult, qandli diabet ta’sirida bo‘layotganini ko‘rish mumkin. Bunga esa semizlik aybdor.

Qandli diabet shunisi bilan xavfliki, unda kechadigan buzilishlar organizmning hamma nuqtalariga zararini ko‘rsatadi. Miya, buyrak, o‘pka, yurak, boringki, oyoqlarda ham uning asoratlari rivojlanib boradi.

«Operatsiya davomida oshqozon osti beziga mutlaqo tegilmaydi. Chunki muammo bezda emas, balki undan ajralayotgan insulinning ta’sir etish jarayonidagi buzilishdadir. Bir so‘z bilan tushuntiradigan bo‘lsam, oshqozon-ichak tizimi “qayta quriladi”. Bemor holatining alohida ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda oshqozon, ichakning ba’zi qismlari qisqartirilishi mumkin (tibbiy tilda: gastroshuntirovaniye), ammo oshqozon olib tashlanarmish, faqat to‘g‘ri ichak qolarmish singari farazlar mutlaqo noto‘g‘ri.

Amaliyot umumiy anesteziya ostida o‘tadi. Butun jarayon endokrinolog mutaxassis bilan maslahatlashgan holda olib boriladi», — deydi Umid Ro‘ziyev.

Ikkinchi tip diabetda oshqozon osti bezi zo‘riqib ishlayverib, o‘z faoliyatini, vazifasini bajarishni mutlaqo to‘xtatgan holatlarda, yoshi ancha ulug‘ bo‘lgan, hamroh kasalliklari (buyrak, yurak, o‘pka nuqsonlari) chuqur ildiz otgan hollarda bu operatsiya o‘tkazilmaydi.

Eng asosiysi, organizmning individual ko‘rsatkichlari inobatga olinishi kerak. Chunki inson 60 yoshda ham o‘zini avaylagani uchun yaxshi holatda bo‘lishi, ba’zilar esa 40 yoshdayoq organizmining “boshiga yetgan” bo‘lishi mumkin. Bemor umumiy ko‘rikdan o‘tkazilib, kerakli sinama tahlillari ko‘rib chiqilgach, operatsiyani o‘tkazish haqida bir to‘xtamga kelinadi. Jarrohlikdan so‘ng bemor shifokorning qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, parhezga, alohida kun tartibiga rioya etish talab etiladi. Bemorning qaysidir a’zosida operatsiyadan oldin nuqsonlar aniqlangan bo‘lsa, bu ham inobatga olinadi.

Hozirga qadar 30 dan ortiq bemorda semizlikni shu usulda bartaraf etish maqsadida amaliyot o‘tkazilgan, ulardan 22 tasi esa aynan qandli diabetni davolash bilan bog‘liq. Operatsiyani boshdan kechirgan bemorlarning barchasi o‘z salomatligidagi ijobiy o‘zgarishlardan rozi.

Bekzod Qodirov (mazkur jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgan bemor):

— Ilgari sal narsaga ham tinkam qurirdi. Ortiqcha vazndan, yuqori qon bosimi, ko‘p chanqashdan qiynalardim. Kuniga uch mahal dori, doimiy parhez, har olti oyda shifoxonada yotishdan boshim chiqmasdi. To‘g‘ri, jarrohlikdan keyin ma’lum muddat qiynaldim, lekin hozir nega shu operatsiyani ilgariroq qildirmagan ekanman, deb o‘ylayman. 30 kg vazn tashladim, qon bosimim joyida, bemalol zinadan tushib-chiqa olaman. Mendagi ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rib, qaynopam ham o‘zidagi diabetni shu yo‘sinda davolashga qaror qildi. Hozir u ham o‘z holatidan mamnun.

Operatsiyani dastlab bir qator texnik kamchiliklar bilan o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. Hozir esa texnik ta’minot yaxshilandi, Xitoyda ishlab chiqarilgan sifatli qurilmalarni bevosita o‘zimizda xarid qilish imkoniyati mavjud. Bemor ixtiyoriga ko‘ra yoki lazer yordamida, yoki ochiq jarrohlik usulida amaliyotni o‘tkazish mumkin.

Bu turdagi amaliyot hozircha faqatgina Toshkent tibbiyot akademiyasi xirurgik kasalliklar kafedrasida o‘tkazilyapti. Viloyatlardan mutaxassislarni jalb qilib, ularga ham tajribani o‘rgatib, bu usul ommalashtirilsa, chekka hududlardagi bemorlarning ham shifo topishi osonlashardi. Buni yo‘lga qo‘yish esa mutassadi tashkilotlarga bog‘liq masala.

Ma’lumot uchun: 1-tip qandli diabetni davolash borasida ham ijobiy natijalarga erishilmoqda. Sog‘lom oshqozon osti bezi to‘qimalarini laboratoriya sharoitida yetishtirib o‘rnatish amaliyotini joriy qilish orqali xastalikni davolashga erishish mumkin. Bu usul ham tez orada amaliyotga tatbiq qilinishini kutib qolamiz.
Saodat Abdurahmonova

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Salomatlik » Qandli diabet endi O‘zbekistonda davolanadi