23:50 / 21.07.2023
466

Moskvada musulmonlar mitingi (foto, video)

Moskvada musulmonlar mitingi (foto, video)
Foto: Videodan kadr
Iyul oyi boshida juma namozi vaqtida OMON zobitlari oyoq kiyimini yechmay Dzerjinskiy shossesidagi ko‘p qavatli uyda tashkil qilingan ibodat uyiga bostirib kirgandi.

Moskvada musulmonlar kuchishlatar tuzilmalarning harakatlaridan norozilik sifatida stixiyali miting o‘tkazdi. Yuzlab kishilar Moskva tarixiy masjididan chiqib, Bolshaya Tatarskaya ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan. Politsiya va Rosgvardiya xodimlari ularga xalaqit qilmagan, qo‘lga olinganlar haqida xabar yo‘q.



10 iyul kuni Moskva shahri yaqinidagi Kotelniki shahrida yashovchi bir guruh musulmonlar Rossiya prezidenti Putinga videomurojaat yo‘llab, kuchishlatar tizim vakillarining ularga nisbatan qilgan harakatlaridan norozilik bildirishgandi. Murojaatda aytilishicha, 7 iyul kuni juma namozi vaqtida OMON zobitlari oyoq kiyimini yechmay Dzerjinskiy shossesidagi ko‘p qavatli uyda tashkil qilingan ibodat uyiga bostirib kirgan. Ular ibodat qilayogan odamlarni haqorat qilib, hurmatsizlik qilishgan.

Aksari Rossiya fuqarolari bo‘lgan jamoat

Odamlar nega bunday qilishayotganini so‘rashganida esa omonchilar juma ibodatini ado etish uchun borganlarga qarata o‘t o‘chiruvchi qurilmadan ko‘pik sepishgan. Jamoat yetakchisi Salavat Ibodatulinning aytishicha, ibodat uyiga boradiganlarning aksari Rossiya fuqarolari.

«Bizning jamoat migratsion qonunchilik buzilishiga qarshi. Ammo biz jamoatimiz orasida qonunbuzarlarni topa olmaymiz. Bu ishni tegishli idora xodimlari bizning devorlarimizdan tashqarida amalga oshirishi kerak. Oramizda «maxsus harbiy amaliyot»da (Rossiyada urushni shunday atashadi – tarj.) qatnashganlar bor. Jang maydonlaridan qaytgan birodarlarimiz bunday munosabatdan o‘zlarini kamsitilgan his qilishmoqda. Vladimir Vladimirovich, sizga himoya so‘rab murojaat qilyapmiz. Bu holatga aralashishingizni iltimos qilamiz», deyishgan murojaatchilar.

Xuddi xavfli jinoyatchilar ushlangani kabi

Foto: RF Tergov qo‘mitasi

Moskva oblasti diniy boshqarmasi ham juma ibodati vaqtida omonchilarning bostirib kirishini qoralagan. Bayonotda «takabburlik bilan amalga oshirilgan bu namoyishkorona harakat» xuddi o‘ta xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olish jarayonini eslatib yuborishi tanqid qilingan. Shuningdek, Kotelnikidagi musulmon jamoasi Rossiya Adliya vazirligi tomonidan diniy tashkilot sifatida rasman ro‘yxatga olingani eslatilgan. Hududda musulmonlar ko‘p bo‘lgani bois uchta musulmon jamoasi ro‘yxatga olingan.

Inson huquqlari bo‘yicha prezident kengashi vakili Kirill Kabanovning so‘zlariga ko‘ra, turar joy binosida diniy tashkilot bo‘lmasligi kerak. Mojaro aynan mana shu sabab yuzaga kelgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, musulmonlar turar joy binosida joylashgan ibodat uyida namoz o‘qishi u yerda yashaydiganlarni bezovta qiladi, juma kunlari esa odam ko‘paygani sabab o‘tadigan joy qolmaydi.

«Russkaya obshina ZOV» so‘rovi bilan

«Kommersant» nashrining yozishicha, ibodat uyini tekshirish tashabbusi «Russkaya obshina» tashkiloti vakillaridan chiqqan. Bu tashkilotning «Russkaya obshina ZOV» nomli Telegram-kanalida 7 iyul kuni shunday post qo‘yilgan: «Hozirgina politsiya «Russkaya obshina» so‘rovi bilan turar joy binolarida joylashgan ikkita noqonuniy masjid faoliyatini tekshirdi. U yerda 70 kishi qo‘lga olingan, ular deportatsiya qilinishini kutamiz», deyiladi postda.

Moskva oblasti ichki ishlar boshqarmasi esa bu tashkilot vakillari reydlarda ishtirok etganini rad etgan. «U yerda boshqa odamlar bo‘lgan», deyiladi politsiya bayonotida.

Kotelnikidagi musulmonlar Putinga murojaat qilganidan keyin «Russkaya obshina ZOV» Telegram-kanalida hududdagi boshqa fuqarolarning Putinga murojaati e’lon qilindi. Bu murojaat mashhur «Sargrad» kanalida ham e’lon qilindi. O‘sha murojaatda kuchishlatar tizim vakillari olib borgan reyd qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, musulmonlarning murojaati sabab organ xodimlariga ishonchsizlik paydo bo‘lishi mumkinligi, shu bois «ularni tinch qo‘yish kerakligi» aytilgan.

«Hammamiz tushunib yetishimiz kerakki, ortiq bunday yashab bo‘lmaydi. Biz Fransiya yoki Kosovo emasmiz. Bizning uyimizda tartib bo‘lishi kerak. Mamlakatimizga kirib kelayotgan migrantlar oqimini tezda to‘xtatish kerak. Aks holda ijtimoiy portlash sodir bo‘ladi», degan murojaatchilardan biri.

Masjiddagi tekshiruvni qo‘llagan ruslarning murojaatini «Sargrad» telekanali asoschisi tadbirkor Konstantin Malofeyev ham qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, «asl kotelnikiliklarning» «mehmonlar bo‘yicha talabi» to‘g‘ri va chindan hukumat tartib o‘rnatishi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslar hech qachon odam ajratmagan, ammo Rossiyaga keladigan mehmonlar ruscha madaniyatni hurmat qilishi kerak.

«Kam sonli ruslar nomidan»

Koteliniki fuqarolari avval ham Putinga murojaat qilib, shahardagi migrantlar oqimidan nolishgan. Xususan, may oyidagi murojaatda Janubiy mikrorayondagi 8-uyda yashovchilar ko‘p qavatli uyda masjid tashkil qilinganidan norozi bo‘lishgan. Ular madaniy markaz sifatida ro‘yxatga olingan 160 metr kvadrat joyda 600-1000 nafar odam namoz o‘qishidan noligan. Mahalliy aholining iddao qilishicha, ular bolalarini yolg‘iz qo‘yib yuborishga qo‘rqishadi, chunki migrantlar ularga zo‘ravonlik qilishi, qizlariga tegajog‘lik qilishidan qo‘rqishadi. Murojaatchilar «mikrorayonda qolgan kam sonli rus millati vakillari» nomidan gapirishayotganini ta’kidlagan.

Msk1.ru saytining yozishicha, 18 may kuni ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar ibodat uyini tekshirish uchun borgan. Hatto holat bo‘yicha jinoiy ish ham ochilgan. Tergov qo‘mitasi axborotida aytilishicha, murojaatda aytilgan diniy tashkilot faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, 34 nafar xorijiy fuqaroga nisbatan ma’muriy javobgarlik bo‘yicha protokol tuzilgan. Iyun oyi oxirida esa masjid yana o‘z faoliyatini tiklagan.

Rossiyada mehnat migrantlarini jamlagan telegram guruhlarida mitinga chaqiruvchi e’lonlar tarqalgandi

Iyul oyidagi reydlardan so‘ng migrant jamoatchiligi orasida ma’lum norozilik kayfiyati yanada ortgan. Bu holat fonida esa turli millat migrantlarining Telegram-guruhlarida ayni bir mazmun va shakldagi, migrantlarni keskin norozilik harakatlariga chaqiruvchi e’lon tarqalgandi.

Migrantlarga bepul huquqiy yordam berib kelayotgan faol Valentina Chupik Kun.uz muxbiri bilan suhbatda mazkur e’lon rus maxsus xizmatlari tomonidan atay qilingan provokatsiya bo‘lishi mumkinligini aytgandi.

«Rossiya politsiyasi muhojirlarga va umuman slavyan bo‘lmagan odamlarga qarshi ommaviy provokatsiyalar tayyorlayotganiga ishonchim komil – bu masjidlardagi provokatsiyalar bilan bevosita bog‘liq.

Gap shundaki, masjidlar yaqinida, migrantlar guruhlarida ommaviy mitingga chaqiruvlar ko‘paydi. Hozircha chaqiruvlar rus tilida, keyinroq migrantlar tillarida paydo bo‘lishi mumkin. Bularning barchasi ochiq-oydin fashistik bo‘lgan «Mnogonatsional» kanalida «dubl» bo‘ladi. Murojaat lug‘ati mutlaqo politsiyaniki va o‘ylaymanki, «Mnogonatsional» ham natsistlar jamoatchiligi orasida his-tuyg‘ularni qo‘zg‘atish uchun ishlatiladi.

2021 yilning iyun-iyul oylarida politsiya Telegram va WhatsApp'da migrant ishchi guruhlariga mushtlashuv chaqiriqlarini yuborgan va ular muhojirlar tillarida o‘ta qiyshiq yozilgan edi – google tarjimondan foydalanishgan. Bu 364-sonli farmonning taqiqlanishiga qaramay, migrantlarni ommaviy deportatsiya qilishni tashkil etish maqsadida qilingan.

Shu bilan birga, politsiya xodimlari migrantlarni metro va ko‘chalarda ommaviy ravishda noqonuniy ravishda ushlab turishgan, telefonlaridan guruhlarni qidirishgan va agar ular topishsa, darhol sudga sudrab, ommaviy tadbirlarda qatnashgani uchun 15 sutkaga qamashgan, keyin 25-30 yilga deportatsiya qilishdi. Ommaviy axborot vositalarida migrantlarning ommaviy mushtlashuvlari haqida shov-shuv ko‘tarildi, holbuki bor-yo‘g‘i ikkita haqiqiy mushtlashuv bo‘lgan, qolganlari politsiya tomonidan soxtalashtirilgan.

Ehtimol, endi ular masjidlardagi bu provokatsiyalardan migrantlar mitinglarini soxtalashtirish uchun foydalanmoqchi, buning asosida ommaviy deportatsiyalar va muhojirlarni talon-toroj qilish, shuningdek, vatanlariga siyosiy bosim o‘tkazish uchun foydalanishmoqchi», – degandi Valentina Chupik.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moskvada musulmonlar mitingi (foto, video)
ePN