Foto: Yuliya Kuzmina, AVIA.RU
Rossiya Tergov qo‘mitasi (RTQ) «Roskosmos» davlat korporatsiyasi bosh direktori o‘rinbosari Oleg Frolovni katta hajmdagi firibgarlikda aybladi. Jinoyat ishi bo‘yicha yana ikki ayblanuvchi – yakka tartibdagi tadbirkor va tijorat tashkiloti vakiliga ham xuddi shunday ayblovlar qo‘yildi, deb xabar berdi 22 dekabr, juma kuni mahkama.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Frolov o‘z mansab mavqeyidan foydalangan va ikki kishi bilan jinoiy til biriktirgan. Tergov qo‘mitasining ta’kidlashicha, shartnomani bajarish paytida ular kamida 435 million rubl miqdorida asbob-uskunalar sotib olish uchun budjet mablag‘larini talon-toroj qilgan. Sud ayblanuvchilarni qamoqqa olishga qaror qildi.
«Roskosmos» mansabdor qo‘lga olinganini tasdiqladi
Davlat korporatsiyasi yuqori martabali vakilining qo‘lga olinganini tasdiqladi. «Roskosmos»ning ta’kidlashicha, jinoiy ish bo‘yicha ayblovlar va tergov harakatlariga oid tafsilotlar Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi yurituvida.
2015 yildan beri Rossiya raketa-kosmik sanoati korxonalarining kamida 9 nafar xodimi qamoq jazosiga hukm qilingan, deya xabar beradi TASS agentligi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring