Rossiyada yana bir fizik olim davlatga xiyonatda ayblandi

Rossiyada yana bir fizik olim davlatga xiyonatda ayblandi

Rossiyada 35 yoshli fizik olim Maksim Kravchuk “davlatga xiyonat” ayblovi bilan hibsga olindi. Shu tariqa, u Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon ushbu modda bilan qo‘lga olingan kamida sakkizinchi olimga aylandi. Bu haqda The Moscow Times xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Maksim Kravchuk 24 iyun kuni — o‘zining tug‘ilgan kunida Moskva shahrida hibsga olingan. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining tafsilotlari oshkor etilmagan. Chunki Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, “davlatga xiyonat” moddasi bo‘yicha barcha ishlar maxfiy tartibda ko‘rib chiqiladi.

Kravchuk “Roskosmos” tizimiga qarashli Markaziy mashinasozlik ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat yuritgan. U aerodinamika va turbulent oqimlar sohasidagi ilmiy ishlari bilan tanilgan mutaxassislardan biri hisoblanadi.

Olimning ilmiy faoliyati raketa dvigatellaridan hosil bo‘ladigan tovushdan tez gaz oqimlarining uchirish maydonlariga ta’sirini o‘rganish, shuningdek, kosmik uchirish majmualarini loyihalashda superkompyuter hisob-kitoblarini qo‘llashga bag‘ishlangan. U, shuningdek, «Angara-A5» raketa tashuvchisini «Vostochniy» kosmodromidan uchirish jarayonidagi gaz dinamikasi bo‘yicha tadqiqotlarda ham ishtirok etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kravchuk 2016 yilda davlatning ijtimoiy ipoteka dasturi orqali kvartira sotib olgan. Shu bilan birga, u xususiy biznes bilan ham shug‘ullangan. 2016–2019 yillar davomida Ukraina va Moldovaga bir necha bor safar qilgani qayd etilgan.

Nashrning ta’kidlashicha, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Rossiyada bir qator taniqli olimlarga nisbatan ham xuddi shunday ayblovlar ilgari surilgan. Ular orasida Rossiya Fanlar akademiyasi tizimida ishlagan Anatoliy Maslov, Aleksandr Shiplyuk, Dmitriy Kolker, Valeriy Zveginsev va Vladislav Galkin ham bor.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar