![Tramp va Putin Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha muloqot oʻtkazdi](/uploads/posts/2025-02/2312c06e81_7956601c-d0c9-4125-9afd-34c2cbe83e26_w1200_r1.webp)
Kecha, 12 fevral kuni AQSh va Rossiya prezidentlari Ukrainadagi urushni tugatish boʻyicha telefon orqali muloqot oʻtkazdi. Bu ikki tomon ham tasdiqlagan birinchi rasmiy telefon qoʻngʻirogʻi hisoblanadi. Tramp Putin bilan gapi bir joydan chiqqani, endi tinchlik muzokaralarini zudlik bilan boshlash kerakligini aytdi. Shu kuni u prezident Zelenskiyga ham qoʻngʻiroq qildi.
12 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putin telefon orqali gaplashdi. Bu ikki tomon ham tasdiqlagan birinchi rasmiy muloqotdir. Hozirgacha Tramp bir necha bor Putin va uning jamoasi bilan muloqot qilib kelayotganini aytsa-da, Kreml buni rad etayotgandi. Muloqot mavzusi aniq - Ukraina urushini tugatish. Tramp saylov oldidan Ukrainadagi urushni 1 kunda tugataman deya oʻta populistik va'da berib, buni uddalay olmagan boʻlsa-da, asta-sekin tomonlar muzokara stoliga qarab yoʻl olmoqda.
Trampning matbuotga aytishicha, ikki prezident ham millionlab odamlarning oʻlimiga sabab boʻlgan bu qirgʻinbarot urushni toʻxtatishga rozi. Zudlik bilan muzokaralarni boshlashga Putin koʻngan. Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga koʻra, Putinning Tramp bilan suhbati qariyb bir yarim soat davom etgan. Davlat rahbarlari Rossiya va AQSh fuqarolarining almashinuviga bogʻliq masalalarni ham muhokama qildi, Tramp Amerika tomoni erishilgan barcha kelishuvni bajarishiga ishontirdi, deya qoʻshimcha qiladi Peskov.
“Ukrainadagi vaziyatni hal etish mavzusi muhokama qilindi. Prezident Tramp jangovar harakatlarni tezroq tugatish va muammolarni tinch yoʻllar bilan hal etish haqida gapirdi. Oʻz navbatida prezident Putin mojaroning birlamchi sabablarini bartaraf etish zarurligini eslatib, Trampning uzoq muddatli kelishuvga tinchlik muzokaralari orqali erishish mumkinligi borasidagi fikriga qoʻshildi», — deydi Peskov.
Putin mamlakatlarning birgalikda ishlaydigan vaqti kelgani haqidagi Trampning fikrini qoʻllab-quvvatladi, deya qoʻshimcha qiladi Kreml rasmiysi.
Tramp Truth Social’ga telefon muloqoti haqida yozarkan, biz birgalikda ishlashga, tashrif bilan bir-birimizning davlatimizga borishga kelishib oldik. Tegishli jamoalarimiz Rossiya-Ukraina urushini hal etish boʻyicha muzokaralarni boshlaydi. Biz buni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga qoʻngʻiroq qilib, boʻlib oʻtgan suhbatdan xabardor qilishdan boshlaymiz, men hozir shu ishni qilaman», deb yozdi.
Ukraina prezidenti ofisining ma'lum qilishicha, Tramp kecha, 12 fevral kuni Volodimir Zelenskiy bilan ham telefon orqali muloqot qilgan. Biroq suhbat tafsilotlari oshkor etilmagan.
Trampning soʻzlariga koʻra, u AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Milliy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Maykl Uols va maxsus vakil Stiv Uitkoffga muzokaralarga rahbarlik qilishni topshirgan.
Kremlga koʻra, muloqot davomida Yaqin Sharqdagi vaziyatni hal etish, Eron yadroviy dasturi, shuningdek, iqtisodiy sohadagi Rossiya—Amerika munosabatlari ham muhokama qilingan. «Putin va Tramp oʻzaro muloqotlarni davom ettirishga, jumladan, uchrashuv tashkillashtirishga kelishib oldi», — deydi Dmitriy Peskov.
Prezident Tramp va Putinning urush muhokamasiga bagʻishlangan uchrashuvi qayerda boʻlishi keng muhokamada edi. Tramp bu muloqot Saudiya Arabistonida oʻtishini gapirdi. Oq uyda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Tramp bu uchrashuv Saudiya Arabistonida boʻlib oʻtadi, dedi.
«Biz Saudiya Arabistonida uchrashamiz», — deya AQSh davlat rahbarining soʻzlaridan iqtibos keltiradi AFP agentligi.
Jurnalistlar bilan suhbatda Tramp, shuningdek, Ukrainaning NATOga a'zo boʻlishini maqsadga muvofiq deb hisoblamasligini qoʻshimcha qildi. Uning fikricha, Kiyev Rossiya nazorati ostida boʻlgan barcha hududlarni qaytarib ololmaydi.
Tramp avvalrrq The New York Post’ga bergan intervyusida Putin bilan boʻlgan suhbat haqida gapirgandi. AQSh prezidentining aytishicha, Putin jang maydonida askarlarning oʻlimiga «haqiqatan ham befarq emas».
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma'lum qilishicha, suhbat chogʻida Rossiya etakchisi Donald Trampni Moskvaga tashrif buyurishga rostdan ham taklif qilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar