
Pokiston harbiy tizimi Pokistonda faoliyat olib borayotgan islomiy terroristik guruhlar bilan hamkorlikda ekani sir emas. Bu da’vo endi 7 may kuni Pokistondagi terrorchilik tarmoqlariga nisbatan Hindiston havo hujumlari doirasida amalga oshirilgan “Sinduur amaliyoti”da halok bo‘lgan tan olingan terroristlarning dafn marosimida yuqori darajadagi pokistonlik harbiylar ishtirok etgani bilan tasdiqlandi.
Pokistonning Hindistonga qarshi olib borgan to‘rt kunlik urushi shuningdek, mamlakat armiyasining qurol-aslahada Xitoyga qanchalik bog‘liq ekanini ochib berdi. Shu tariqa Xitoy, Pokiston armiyasini quvvatlagan holda, Pokistondagi islomiy terror tarmoqlarini ham qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘ladi.
Shu bilan bir vaqtda, Pekin terrorizmga qarshi kurash bahonasida Shinjondagi uyg‘ur musulmonlarini qatag‘on qilmoqda. Bu esa Xitoy kommunistlarining islomiy terrorizmga nisbatan ikkiyuzlamachi munosabatini ochib beradi.
Sharqiy Turkiston Islomiy Harakatini terrorchi tashkilot deb e’lon qilgan Xitoy rasmiylari bir millionga yaqin uyg‘urni lagerlarga joylashtirdi va ularga nisbatan majburiy sterilizatsiya, islomiy diniy amaliyotlarini taqiqlash kabi repressiv choralarni joriy qildi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari bu muomalani “insoniyatga qarshi jinoyat” deb atadi.
Shu bilan birga, 2020 yilda Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati — Shinjonda islomiy davlat tuzishni talab qilgan harakat — AQSH tomonidan terror tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarildi va unga qo‘yilgan taqiq bekor qilindi. Shu bilan bir vaqtda, 7 may kuni Hindiston havo hujumlarida nobud bo‘lgan ba’zilar jahon miqyosida terrorchi deb belgilangan shaxslar edi; ular ayrim taqiqlangan tashkilotlar qo‘mondonlari edi. Xitoyning moddiy yordami bilan yashab turgan Pokiston armiyasi yuqori lavozimdagi ofitserlari ularning dafn marosimida qatnashdi.
Hindiston aniq zarba amaliyotida yo‘q qilingan yuqori qiymatli terroristlar orasida “Lashkar-ye-Tayyiba” (LeT) qo‘mondoni Mudassar Xadian Xas, boshqa nomi bilan Abu Jindal bor edi. Uning dafn marosimida Pokiston armiyasi bosh qo‘mondoni general Asim Munir va Panjob viloyati hokimi Maryam Navoz nomidan gulchambarlar qo‘yildi. Marosimga jahon miqyosida terrorchi deb e’lon qilingan va LeTning yetakchi shaxslaridan biri bo‘lgan Xafiz Abdul Rauf rahbarlik qildi. Pokiston armiyasi IV korpusi qo‘mondoni va 11-piyoda diviziyasi qo‘mondoni kabi yuqori lavozimdagi harbiylar marosimda ishtirok etdi. LeT tashkiloti ham AQSH, ham Buyuk Britaniya hukumatlari tomonidan taqiqlangan.
Pokiston hukumati 7 maydagi Hindiston havo hujumida vayron bo‘lgan, Laxor yaqinidagi Muridkeda joylashgan masjidni qayta tiklashini e’lon qildi. Ushbu masjid LeTning front tashkiloti bo‘lgan “Jamoat-ud-dava” (JuD)ning qarorgohi sifatida xizmat qilgan. JuDning siyosiy qanoti — Pokiston Markaziy Musulmon Ligasi — bu qarorni olqishlab, hukumatni tabrikladi. Havo hujumida halok bo‘lgan uch nafar JuD faoli dafn marosimida yuqori lavozimdagi armiya xizmatchilari, politsiya va hukumat amaldorlari ishtirok etdi.
So‘nggi o‘n yillikda Xitoy Pokiston armiyasini modernizatsiya qilishda yordam bermoqda — aynan shu armiya islomiy terror guruhlari bilan hamkorlik qiladi. Stokgolm Xalqaro tinchlikni o‘rganish instituti (SIPRI) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020–2024 yillar oralig‘ida Xitoy tomonidan dunyo bo‘yicha yetkazib berilgan umumiy qurol-aslahaning 63 foizi Pokistonga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni Xitoyning qurol-aslaha eksportining qariyb uchdan ikki qismi faqat Pokistonga yetkazilgan. 2020–2024 yillarda Pokiston qurol-aslaha importining 81 foizini Xitoydan olgan.
2010 yilgacha AQSH Pokistonning asosiy qurol yetkazib beruvchisi edi. Ammo Vashington Islomobodning Afg‘oniston Tolibonlari va Haqqoniy tarmog‘i kabi islomiy terrorchi guruhlarga ko‘rsatgan yordamini ma’qullamadi va qurol yetkazib berishni kamaytirdi. Bu esa Xitoy uchun ushbu bo‘shliqni to‘ldirish imkonini yaratdi. Xitoyda ishlab chiqarilgan VT-4 asosiy jangiy tanklari va 155 mm kalibrli SH-15 gaubitsalari hozirda Pokiston qurolli kuchlarining asosiy qurollaridandir. Ushbu gaubitsalar yaqindagi urushda Hindiston qishloqlarini o‘qqa tutishda ishlatildi. Xitoyning J seriyali qiruvchi samolyotlari Pokiston harbiy-havo kuchlarining tayanchi hisoblanadi. Xitoy shuningdek, Pokiston dengiz kuchlariga dizel-elektr xujum suvosti kemalari va fregatlar yetkazib bermoqda.
Pokiston armiyasi tomonidan Hindiston bilan qisqa to‘rt kunlik urushda ishlatilgan, Xitoy yetkazib bergan qurollar va tizimlar orasida JF-17 qiruvchi samolyoti, J-10C Firebird, PL-15 raketalari, HQ-9 oilasiga mansub uzoq masofali havo himoya tizimlari, CH-4 Rainbow dronlari va Karakoram Eagle havoni kuzatish va nazorat tizimlari bor. JF-17 — Xitoy tomonidan Pokistonda ishlab chiqilgan to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyoti. J-10C — ko‘p maqsadli qiruvchi. PL-15 — Xitoyda ishlab chiqilgan eng zamonaviy “ko‘rish doirasidan tashqari” havo-havo raketa. Ammo shunga qaramay, ushbu qurollardan biri ham Hindiston havo mudofaa tizimini buzib o‘ta olmadi. Xitoy qurollari bilan mustahkamlangan Pokiston havo mudofaa tizimi ham Hindistonning ichidagi nishonlarga urilayotgan “BraMos”, “Skalp” raketalari va “Hammer” bombalarining zarbasini to‘sib qo‘ya olmadi.
Xitoyning pokistonlik terroristlarni qo‘llab-quvvatlashining boshqa misollari ham bor. 2016 yilda Xitoy BMT Sanksiyalar Qo‘mitasida Hindiston tomonidan “Jaysh-ye-Muhammad” yetakchisi Masud Azxarni BMT Xavfsizlik Kengashining 1999 yilda qabul qilingan 1267-rezolyutsiyasiga muvofiq rasman terrorist deb e’lon qilish urinishini to‘sdi. “Xitoyning Masud Azxarni BMT Xavfsizlik Kengashi 1267-Sanksiyalar Qo‘mitasida terrorchi deb ro‘yxatga olishni to‘sishi bizni jiddiy tashvishga solmoqda,” — dedi Hindiston Tashqi ishlar vazirligi 2016 yil dekabridagi bayonotida. Pokistonda joylashgan “Jaysh-ye-Muhammad” BMT tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilingan va Hindistondagi ko‘plab terror hujumlari uchun javobgar hisoblanadi. Xalqaro hamjamiyatning uning yetakchisini rasman terrorist sifatida ro‘yxatga ola olmayotgani terrorizmga qarshi kurashda ikkiyuzlamachilik hukm surayotganini ko‘rsatadi. Xitoyning bunday qaror qabul qilishi hayratlanarli, chunki u barcha shakldagi terrorizmga qarshi ekanligini da’vo qilib keladi.
2025 yil iyunida Xitoy, Islomobodning 2008 yilgi Mumbay terror hujumi ortida turgan LeT qo‘mondoni Zaki-ur-Rahmon Laxvini qamoqdan ozod etish qaroriga qarshi Hindistonning BMTdagi harakatini ham to‘sgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Laxvi hanuzgacha erkinlikda va 2024 yilda fitnes bo‘yicha sessiyada ishtirok etgani kuzatilgan.
Hindiston Tashqi ishlar vazirligi vakili terrorizmga qarshi kurashda ikkiyuzlamachilik mavjudligini aytganda aynan kimni nazarda tutgani endilikda aniq. Xitoy Pokiston hukumatidan Shimoliy Vaziristondagi uyg‘ur jangarilari va ularning bazalarini yo‘q qilishni talab qilar ekan, Islomobodning Hindistonga qarshi terroristik guruhlarni qo‘llab-quvvatlashini esa nazardan chetda qoldiradi. Xitoyning islomiy terrorizm borasidagi ikkiyuzlamachiligi endi fosh bo‘ldi.
Muallif Vaishali Basu Sharma,
geosiyosiy va makroiqtisodiy masalalar bo‘yicha tahlilchi
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! geosiyosiy va makroiqtisodiy masalalar bo‘yicha tahlilchi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing