date

Yevropa Rossiya fuqarolari uchun vizani cheklamoqda: yangi tartiblar kuchda

Yevropa Rossiya fuqarolari uchun vizani cheklamoqda: yangi tartiblar kuchda
Rossiyalik sayyohlar va Belarus fuqarolari uchun Yevropa hududlariga sayohat qilish yanada murakkab bo‘lishi mumkin. Fransiya hamda Ispaniya rasmiylari bu davlatlardan bo‘lgan shaxslar uchun viza rejimini sezilarli darajada qat'iylashtirdi. Bu haqda Rossiya sayyohlik operatorlari uyushmasiga tayanib, “Deutsche Welle” xabar berdi.

Endilikda Fransiyaning chekka dengiz hududlariga — xususan, Fransuz Polineziyasi, Yangi Kaledoniya, Uollis va Futuna, Gvadelupa, Martinika, Sent-Marten, Sent-Bartelemi, Reyunyon, Mayotta, Fransiya Gvianasi, Sen-Pyer va Mikelon orollariga borish istagidagi rossiyaliklar va belaruslar oddiy C toifali ko‘p martalik vizadan foydalana olmaydi. Avvalgidek 6 oylik vizalar yetarli bo‘lmaydi. Endilikda ushbu hududlarga kirish uchun maxsus DFA vizasi talab qilinadi.

Shuningdek, Ispaniya hukumati ham Rossiya fuqarolaridan o‘z mamlakati aeroportlarida tranzit orqali o‘tish uchun maxsus tranzit vizasiga ega bo‘lishni so‘ramoqda. Bu esa sayohatni rejalashtirayotgan rossiyaliklar uchun qo‘shimcha hujjatlashtirish vaqti va xarajatlarini anglatadi.

Yangi cheklovlar uzoq muddatli D toifali viza egalari hamda Shengen hududi yoki Yevropa Iqtisodiy Hududi doirasida yashash ruxsatnomasiga ega bo‘lganlar uchun amal qilmaydi.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa Iqtisodiy Hududi tarkibiga Yevropa Ittifoqidan tashqari Islandiya, Norvegiya va Lixtenshteyn ham kiradi.

Mutaxassislar fikricha, bu kabi vizaviy cheklovlar Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning sovuqlashayotganidan darak beradi. Ayniqsa, orol va dengiz hududlariga yo‘l olish istagidagi fuqarolar bundan katta noqulaylik sezmoqda.

Shu bilan birga, turizm sohasidagi mutasaddilar sayyohlarni safar oldidan vizaviy talablarni puxta o‘rganishga va kerakli hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yishga chaqirmoqda. Aks holda, yo‘lga chiqishning o‘zi muammo bo‘lib qolishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa Rossiya fuqarolari uchun vizani cheklamoqda: yangi tartiblar kuchda