Dunyoda tug‘ilish keskin kamaymoqda: demografik xavf kuchaydi

Dunyoda tug‘ilish keskin kamaymoqda: demografik xavf kuchaydi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Dunyodagi mamlakatlarning uchdan ikki qismidan ortig‘ida tug‘ilish darajasi aholi sonini barqaror saqlash uchun zarur bo‘lgan 2,1 ko‘rsatkichidan pastga tushgan.
  • Bu tendensiya nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan mamlakatlarda ham, masalan, Tailandda (0,78) va Meksikada (1,2) yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Aholi sonini barqaror darajada saqlab qolish uchun zarur bo‘lgan tug‘ilish ko‘rsatkichi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida pasayib ketdi. Bu tendensiya endi nafaqat badavlat davlatlarda, balki rivojlanayotgan mamlakatlarda ham tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Aholi sonini bir maromda ushlab turish uchun har bir ayolga o‘rtacha 2,1 nafar farzand to‘g‘ri kelishi kerak. Biroq so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyodagi mamlakatlarning yarmidan ko‘pida, aniqrog‘i, 195 ta davlatning uchdan ikki qismidan ortig‘ida tug‘ilish darajasi ushbu ko‘rsatkichdan pastga tushgan. Bu haqda Financial Times ma’lumotlariga tayanib, Bild nashri xabar berdi.

Tug‘ilish darajasining keskin pasayishi bugun faqat boy mamlakatlarga xos holat bo‘lib qolmayapti. Aksincha, rivojlanayotgan davlatlarda ham mazkur tendensiya yangi demografik trendga aylanmoqda.

Bu holat ayniqsa Tailandda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Mamlakatda tug‘ilish darajasi har bir ayolga o‘rtacha 0,78 nafar bolani tashkil qilmoqda. Agar mavjud vaziyat shu tarzda davom etsa, yuz yil ichida Tailand aholisi deyarli yo‘qolib ketishi mumkin.

Meksikada ham so‘nggi 25 yil davomida tug‘ilish ko‘rsatkichi ikki baravarga qisqargan. 2024 yilga kelib, mamlakatda har bir ayolga o‘rtacha 1,2 nafar bola to‘g‘ri kelgan. Xuddi shunday tendensiya Afrika megapolislarida ham kuzatilmoqda.

Iqtisodchi Hesus Fernandes-Vilyaverde demografik pasayishni vaqtinchalik hodisa sifatida baholab bo‘lmasligini ta’kidladi. Uning fikricha, mazkur jarayon bir necha avlod davom etishi mumkin. Bu esa kelajakda jiddiy va xavfli oqibatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli bor.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, gap faqat dunyo aholisining 8 milliarddan 6 milliardga qisqarishi haqida borayotgani yo‘q. Ushbu jarayon uzoq muddatda aholining butunlay yo‘qolib ketishiga ham olib kelishi mumkin. Hesus Fernandes-Vilyaverde prognozlariga ko‘ra, dunyo aholisi 2050-yillarda o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetib, shundan keyin uzluksiz ravishda kamayib borishi mumkin.

Shu bilan birga, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiy jihatdan yetarlicha boyib ulgurmasidan oldin qariy boshlaydi. Masalan, Meksika va Tailand kabi davlatlar Germaniya yoki Yaponiya singari boylik to‘plashga ulgurmasdan, keksa aholi ulushi ortib borayotgan jamiyat xarajatlarini qoplash muammosiga duch kelishi mumkin.

Sinsinnati universiteti (AQSH) tadqiqotiga ko‘ra, tug‘ilish darajasining pasayishida smartfonlarning keng tarqalishi ham asosiy omillardan biri bo‘lishi mumkin. Yoshlar internet va raqamli qurilmalardan foydalanishga ko‘proq vaqt sarflayotgani sababli, bir-biri bilan yuzma-yuz muloqot qilishga kamroq vaqt ajratmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiy inqirozlar, uy-joy yetishmovchiligi va moliyaviy qiyinchiliklar ham tug‘ilish ko‘rsatkichining pasayishini yanada kuchaytirmoqda.

Avvalroq Singapurda ham tug‘ilish darajasi keskin kamayib ketgani sababli davlat xizmatchilari uchun sovchilik xizmati yo‘lga qo‘yilgani xabar qilingan edi. Mamlakatda so‘nggi 60 yil ichida ilk bor 2025 yilda 30 mingdan kam chaqaloq dunyoga kelgan.

Shu bilan birga, Singapur aholisi ham tobora qarib bormoqda. Mamlakatda vafot etganlar soni barqaror ravishda oshib, 2025 yilda taxminan 26 500 nafarga yetgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar