Har bir tug‘ilgan farzand uchun 55 ming dollar beriladi

Singapur hukumati mamlakatda tug‘ilish darajasi izchil pasayib borayotgani sababli oilalarni farzandli bo‘lishga rag‘batlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar paketini e’lon qildi. Yangi dastur doirasida har bir farzand uchun 17 yoshga to‘lguniga qadar qariyb 70 ming Singapur dollari, ya’ni taxminan 55 ming AQSH dollari miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatiladi. Bu haqda “Financial Times” xabar berdi.
Yangi paketga ko‘ra, mablag‘ning 10 ming Singapur dollari farzand dunyoga kelganida beriladi. Yana shuncha mablag‘ uning keyingi ta’limi uchun ajratiladi. Qolgan qismi esa bola ulg‘ayishi jarayonida turli bosqichlarda bosqichma-bosqich to‘lab boriladi.
Hukumat bunday yondashuv orqali oilalarga nafaqat farzand tug‘ilgan dastlabki davrda, balki uni tarbiyalab, voyaga yetkazish jarayonida ham uzoq muddatli iqtisodiy ko‘mak berishni ko‘zlamoqda.
Bundan tashqari, ko‘p farzandli oilalar uchun ota-ona ta’tili davridagi to‘lovlar ham kengaytiriladi. Bunda ish beruvchilar zimmasidagi xarajatlarning yanada katta qismi davlat tomonidan qoplanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, farzandli oilalarga birinchi uy-joyini imtiyozli dastur asosida xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish ham ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, Singapurda tug‘ilish koeffitsiyenti o‘tgan yili rekord darajada pasaygan. Bir ayolga to‘g‘ri keladigan farzandlar soni 0,87 nafarni tashkil etgan. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 0,97 nafar edi.
Demograflar aholi sonini tabiiy ravishda barqaror saqlab turish uchun, migratsiya hisobga olinmaganda, tug‘ilish koeffitsiyenti taxminan 2,1 bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, aholining qarib borishi ham Singapur oldida turgan jiddiy demografik muammolardan biriga aylanmoqda.
BMT mezonlariga ko‘ra, aholining 21 foizdan ortig‘ini 65 yosh va undan katta insonlar tashkil etsa, mamlakat “super qariyalar jamiyati” hisoblanadi. Singapur esa joriy yilda ushbu bosqichga kirishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh vazir Lourens Vong hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralarga qaramay, tug‘ilish darajasi aholini tabiiy ravishda barqaror saqlash uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkichga yetishi ehtimoli pastligini bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, agar mamlakat aholi o‘sishida faqat tug‘ilishga tayanadigan bo‘lsa, Singapur fuqarolari soni qisqaradi, aholi yanada tez qariydi va keksa avlodni qo‘llab-quvvatlashi kerak bo‘lgan yoshlar ulushi kamayadi.
Shu sababli, Singapur hukumati aholi o‘sishini ta’minlash maqsadida immigratsiya siyosatini ham davom ettirmoqchi. Biroq mamlakatga yangi keluvchilar nazorat qilingan va barqaror sur’atda qabul qilinishi, singapurliklar esa mamlakat aholisining asosiy qismini tashkil etib qolishi ta’kidlangan.






























Izohlar 0
…