Xitoyda 3 yoshli qizcha 12-qavatdan tushib ketishiga bir bahya qoldi (video)

Xitoyning Futszyan provinsiyasidagi Chjanpin shahrida uch yoshli qizaloq turar joy binosining 12-qavatidagi deraza panjarasiga ilinib, tashqarida osilib qoldi. Qo‘shnilar va qutqaruvchilarning tezkor harakati tufayli bola omon qoldi.
Hodisa 2026 yil 17 oktyabr kuni ertalab soat 07:48 atrofida sodir bo‘lgan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, qizaloq derazadagi himoya panjarasidan tashqariga chiqib ketgan va boshi metall panjaralar orasida qisilib qolgan. Uning tanasi esa 12-qavat balandligida tashqariga osilib turgan.
Vaziyatni ko‘rgan qo‘shnilar va bino qo‘riqlash xizmati xodimlari darhol yordamga shoshilgan. Ular pastki qavatdagi xonadondan turib, qizaloqning tanasini ushlab turish va yiqilishining oldini olish uchun uning ostiga stul tutishgan.
Ko‘p o‘tmay, voqea joyiga o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgan. Ular xonadonga kirib, qizaloqni panjaradan ehtiyotkorlik bilan ozod qilgan va xavfsiz joyga olib tushgan.
Xabarlarga ko‘ra, hodisa vaqtida qizaloq uyda yolg‘iz bo‘lgan. Otasi ishda, onasi esa oziq-ovqat xarid qilish uchun tashqariga chiqqan edi. Qutqarilgan bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun shifoxonaga olib borilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u jiddiy jarohat olmagan.
Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, bolalar xavfsizligiga yana bir bor e’tibor qaratdi.






























Izohlar 0
…