25 yil avval o‘g‘irlab ketilgan yigit milliarderlardan voz kechib, haqiqiy oilasiga qaytdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Xitoyda 25 yil avval o‘g‘irlab ketilgan Mey Chjitsyan DNK tahlili yordamida o‘zining biologik ota-onasi Mey Syanxua va Pan Chan’e bilan topishdi.
- Milliarderlar oilasida voyaga yetgan yigit hashamatli hayotdan voz kechib, o‘zining haqiqiy oilasi bilan qolishga va ularning biznesida ishlashga qaror qildi.
- U bu tanlovini pul insonni baxtli qila olmasligi hamda ota-onasining mehrini his qilgani bilan izohladi.
Xitoyda ikki yoshida odam savdogarlari tomonidan o‘g‘irlab ketilgan yigit 25 yildan so‘ng biologik ota-onasi bilan topishdi. Qizig‘i, u bolaligidan milliarderlardek hashamatli hayotda ulg‘aygan bo‘lsa-da, haqiqiy oilasi bilan uchrashgach, ularning yoniga qaytishni tanladi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.
Bu voqea Xitoy fuqarosi Mey Chjitsyan (Mei Zhiqiang) bilan sodir bo‘lgan. 1997 yilda, 28 oylik bo‘lganida, uni mamlakat janubi-g‘arbidagi Yunnan provinsiyasida, uyi oldida o‘ynab yurgan paytida odam savdogarlari o‘g‘irlab ketishgan.
Jinoyatchilar bolani boshqa oilaga sotishgan. Biroq uni sotib olgan oila bolaning juda ozg‘in va nimjonligini ko‘rib, undan voz kechgan. Keyinchalik Meyni Xitoyning janubi-sharqidagi Futszyan provinsiyasida yashovchi nihoyatda badavlat oila tarbiyalab, o‘z farzandidek voyaga yetkazgan.
Bu orada uning biologik ota-onasi Mey Syanxua va Pan Chan’e o‘g‘lini topish umidida qariyb 25 yil davomida tinimsiz izlashgan. Ular hatto farzandining tug‘ilgan kunini har yili nishonlab, bir kun kelib uning qaytishiga umid qilishgan.
Nihoyat, 2022 yil iyun oyida DNK tahlili yordamida ota-ona va farzand o‘rtasidagi qarindoshlik aloqasi tasdiqlangan. Shundan so‘ng Mey biologik oilasi bilan diydorlashgan.
Yigit dastlab haqiqiy ota-onasi oddiy mehnatkash insonlar deb o‘ylagan. Ammo ular ham yillar davomida mehnat qilib, katta boylik orttirgan multimillionerlar bo‘lib chiqishgan. Oilaning mehmonxonalar uchun mahsulot yetkazib berishga ixtisoslashgan o‘z biznesi ham bor edi.
Shunga qaramay, Mey o‘zini voyaga yetkazgan badavlat oilaning hashamatli hayotidan voz kechib, biologik ota-onasi bilan qolishga qaror qilgan. U ularning oilaviy biznesida ishlay boshlagan.
Yigit Xitoyning Jiupai News nashriga bergan intervyusida bu qarorini «Pul insonni baxtli qila olmaydi», degan fikr bilan izohlagan. Uning aytishicha, biologik ota-onasining mehrini his qilgani uchun ular bilan yashashni tanlagan.
Meyning otasi esa kelajakda oilaviy biznesni boshqarishni o‘g‘liga o‘rgatish va kompaniyani unga topshirishni rejalashtirayotganini bildirgan..
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…