13:13 / 13.03.2020
2 616

Dunyo iqtisodiyotini koronavirusdan qanday qutqarishyapti: AQSH soliqlarni bekor qilyapti, Germaniya ko‘proq nafaqa beryapti

Dunyo iqtisodiyotini koronavirusdan qanday qutqarishyapti: AQSH soliqlarni bekor qilyapti, Germaniya ko‘proq nafaqa beryapti
Foto: REUTERS/Andrew Kelly
Dunyo bo‘ylab tarqalayotgan koronavirus nafaqat insonlarning sog‘lig‘iga, balki hamyoniga ham ta’sir qilmoqda. Yangi yuqumli kasallikning iqtisodiyotga ta’siri juda ham salbiy bo‘lishi mumkin. Bloomberg agentligi hisob-kitobiga ko‘ra, voqealar rivojining bunday tus olishi dunyodagi iqtisodiy o‘sishni sekinlashtiradi, juda ham yomon tus olishi esa uni qulatadi. Hatto, epidemiya tufayli planeta 3 trln dollar yo‘qotishi mumkin! Bunday holatning oldini olish uchun virus aniqlangan davlatlar zudlik bilan chora-tadbirlarni ko‘rmoqda.

AQSH
AQSH prezidenti Donald Tramp mamlakat aholisini ish haqidan ushlanadigan soliqlardan yil oxirigacha ozod qilmoqchi. Oq uy koronavirus epidemiyasining iqtisodiy oqibatlarini yengib o‘tish uchun juda katta reja tayyorlamoqda. Xususan, kasallikka chalinganlarga ta’til berishni yengillashtirish, bundan tashqari, kichik va o‘rta biznesga soliqlarni to‘lashni kechiktirish imkonini berish rejalashtirilyapti.

Angliya
Angliya Banki qayta moliyalashtirish stavkasini 0,75 foizdan 0,25 foizga tushirdi. Bu esa epidemiya paytida biznes va iste’molchilarni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi. Bundan tashqari, kichik va o‘rta biznes uchun yangi kreditlash dasturlari ochildi. Ular yil davomida qayta moliyalashtirish stavkasiga teng miqdordagi foizli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Italiya
Vazirlar kengashi koronavirusga qarshi kurashning iqtisodiy chora-tadbirlari uchun 25 milliard yevro ajratdi. Pullarning bir qismi oilalar va korxonalarni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadigan bo‘ldi.
«Koronavirus tufayli hech kim ishidan ajralmaydi», - dedi Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte.

Germaniya
Mamlakat hukumati inqirozga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqmoqda.
«Yuzaga kelgan vaziyatdan zarar ko‘rgan korxonalarni kulfatda qoldirmaymiz. Ko‘plab milliard yevroni qamrab oladigan choralarni ishlab chiqmoqdamiz», - deb va’da berdi GFR iqtisodiyot va energetika vaziri Peter Altmayer.

Koronavirus tarqalishidan mehmonxona, turizm va ko‘rgazma biznesi kuchli zarar ko‘rdi. Ularga imtiyozli kreditlar berish rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, hukumat ishsizlik nafaqasini olish uchun qo‘yiladigan talablarni ham yumshatishni, bu bilan epidemiya tufayli ishidan ayrilgan odamlarga yordam berishni ko‘zlamoqda.

Fransiya
Birinchi navbatda biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun choralar ishlab chiqildi. Xususan, xodimlarni masofadan turib ishlash tizimiga o‘tkazishga ruxsat berildi. Bundan tashqari, koronavirus tarqalishidan zarar ko‘rgan korxonalarga davlat buyurtmasini bajarishda kechikkanlik uchun jarima solinmaydigan bo‘ldi. Shuningdek, ular soliqlar va ijtimoiy jamg‘armalarga to‘lovlarni amalga oshirishni kechiktirish imtiyoziga ega bo‘lishdi. Fuqarolar uchun ham yengilliklar berildi: bolalari karantinga olingan oilalarga kasallik varaqasi puli to‘lab beriladigan bo‘ldi.

Rossiya
Markaziy bank koronavirus tarqalishidan zarar ko‘rayotgan turizm va transport kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlamoqchi. Ularga imtiyozli kreditlarni berish rejalashtirilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyo iqtisodiyotini koronavirusdan qanday qutqarishyapti: AQSH soliqlarni bekor qilyapti, Germaniya ko‘proq nafaqa beryapti