AQSH senatorlari kriptovalyuta kapitali qoidalarini aniqlashtirishni talab qildi

AQSH Senatidagi bir guruh respublikachilar moliya regulyatorlarini kripto-aktivlar bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar uchun kapital standartlarini aniqlashtirishga chaqirdi. Senator Cynthia Lummis boshchiligidagi guruh Fed raisi oʻrinbosari Miki Bowman, Federal Deposit Insurance Corp. raisi Travis Hill va Valyuta nazorati boshqarmasi vakili Jonathan Gouldga rasmiy xat yoʻlladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Senatorlar oʻz murojaatida tokenlashtirilgan qimmatli qogʻozlar boʻyicha koʻrsatmalarni olqishlagan holda, raqamli aktivlarning balansda aks ettirilishi uchun yanada aniq va adolatli tizim yaratishga undashdi. Hozirgi xalqaro standartlarga koʻra, banklar oʻzlaridagi kripto-zaxiralardan ancha yuqori qiymatdagi rezerv aktivlarini saqlashga majbur. Senatorlar buni banklarning kripto saqlashiga qoʻyilgan "de-fakto taqiq" deb atashmoqda.
Ushbu tashabbus senatorlar federal agentliklarning kripto bozorini tartibga solishini belgilab beruvchi CLARITY Act qonun loyihasini koʻrib chiqishga tayyorgarlik koʻrayotgan bir vaqtga toʻgʻri keldi. Qonunning amaldagi tahriri banklarga toʻlovlar, kreditlash, kastedianlik va savdo kabi operatsiyalarda raqamli aktivlar hamda blokcheyn texnologiyasidan foydalanishga ruxsat beradi.
Guruh Basel qoʻmitasining kripto-aktivlar uchun belgilagan 1250 foizlik xatar vazniga eʼtiroz bildirdi. Ularning fikricha, bu koʻrsatkich raqamli aktivlarning haqiqiy xatar profiliga asoslanmagan. Senatorlar har qanday yangi tartib texnologik jihatdan neytral boʻlishi va banklarga raqamli aktivlar bozorida mazmunli ishtirok etish imkonini berishi kerakligini taʼkidlamoqda.
Maktubni Dan Sullivan, Bill Hagerty, Bernie Moreno, Ted Budd va Jon Husted kabi senatorlar ham imzolagan. CLARITY Act boʻyicha bahslar shu haftada Senatda davom etishi kutilmoqda. Mazkur qonun loyihasi Securities and Exchange Commission va Commodity Futures Trading Commission kabi idoralarning kripto bozoridagi vakolatlarini ham belgilab beradi.


























Izohlar 0
…