
Ko‘pchilikning sevimli ichimligi bo‘lgan gazlangan shirin suvlar organizm uchun sezilarli xavf tug‘dirishi mumkin. Bu haqda rossiyalik mashhur diyetolog Yelena Solomatina ma’lum qildi, deb yozmoqda «Moskva 24» nashri.
Uning ta’kidlashicha, shirin gazlangan ichimliklarning tarkibida kalsiyni organizmdan chiqarib yuboruvchi ortofosfor kislotasi bor. Bu esa suyaklarning mo‘rtlashishiga olib keladi. Ayniqsa, keksa yoshli insonlar va o‘sib kelayotgan bolalar uchun ushbu holat jiddiy xavf hisoblanadi.
Shuningdek, mutaxassis gazlangan suv tarkibidagi ko‘p miqdordagi shakar asab tizimiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkinligini aytgan. Bunday hollarda odamda giperglikemiya – asabiylik, tez charchoq va xavotir hislari paydo bo‘ladi. Natijada miya yanada ko‘proq miqdorda shakar talab qilishni boshlaydi.
«Organizm shakar bilan ta’minlangan energiyani to‘liq ishlata olmas ekan, bu energiya yog‘ga aylanib ketadi. Hujayralar ortiqcha shakarni qabul qilishdan bosh torta boshlaydi va natijada qonda shakar miqdori ortib ketadi. Bu esa qon tomirlarining ichki devoriga zarar yetkazadi, zararlangan joylarda esa zararli xolesterin to‘planib, ateroskleroz va tromblar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi», — deydi Solomatina.
Uning qayd etishicha, gazlangan ichimliklarning muntazam iste’moli ichak mikroflorasi – mikrobiomaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, organizmning tabiiy himoya tizimini zaiflashtiradi va immunitetni pasaytiradi.
Mutaxassis salomatlik uchun bunday xavflarni oldini olish maqsadida gazlangan shirin ichimliklarni toza ichimlik suviga almashtirishni tavsiya qilmoqda. Ayniqsa, bolalar va keksalarning kundalik ovqatlanishida suvga alohida ahamiyat berish kerak.
Shifokor maslahatlariga amal qiling va sog‘lom turmush tarzini tanlang! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar