3 yoshli bola enaga tomonidan qizigan elektr plitaga o‘tqazilgani aytilmoqda

3 yoshli bola enaga tomonidan qizigan elektr plitaga o‘tqazilgani aytilmoqda

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida enaga qarovida bo‘lgan 3 yoshli bola tanasida og‘ir kuyish va boshqa jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bolaning onasi qariyb ikki oy davomida ishlagani sabab farzandini enaga qaramog‘ida qoldirgan. Bolaning otasi esa xorijda mehnat qilayotgani aytilmoqda.

Guvohlar bolaning enaga tomonidan shafqatsiz munosabatga uchraganini bildirmoqda. Jumladan, u qizigan elektr plitaga o‘tqazilgani, qo‘llari sim bilan bog‘langani va bir necha kun davomida ovqatlantirilmagani aytilmoqda.

Shifokorlar bolaning tanasida kuyish, ko‘karish va boshqa jarohatlarni aniqlagan. Uzoq vaqt ovqatlanmagani sabab ozib ketgani va gemoglobin darajasi pasaygani ham ma’lum qilingan. Og‘ir kuyishlar tufayli jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, teri ko‘chirish muolajasi bajarilgan. Hozir bolaning ahvoli qoniqarli ekani aytilmoqda.

Guvohlardan biri mazkur enaga avval ham boshqa bolalarga qaragani va ularga nisbatan zo‘ravonlik qilgani haqidagi ma’lumotlarni bildirgan. Biroq bu holatlar hozircha tergov tomonidan tasdiqlanmagan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi — qiynash moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 43 yoshli ayol gumonlanuvchi sifatida ishga jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.

Mazkur holat Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan. Voqeaning barcha tafsilotlariga tergov yakunlari bo‘yicha huquqiy baho beriladi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar