Bayram arafasida tibbiyot xodimasi vafoti uchun 154 million so‘m to‘lab berildi

Andijon viloyat sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 13.07.2026 yildagi ijro varaqasiga asosan Paxtaobod tuman tibbiyot birlashmasidan undiruvchi Sh.Ya. foydasiga 154 mln. 172 ming so‘m undirilishi ko‘rsatilgan.
Ma’lumot uchun, undiruvchi Sh.Ya.ning onasi Paxtaobod tuman tibbiyot birlashmasi muassasasida mehnat qilgan. Ish jarayonida baxtsiz hodisa sodir bo‘lib, u yiqilib jarohat olgan va ma’lum vaqt davolanganiga qaramay, vafot etgan. Shu bois, marhumaning qizi mehnat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan xodimning huquqlari buzilganini asos qilib, qonunchilikka muvofiq kompensatsiya tayinlash yuzasidan sudga murojaat qilgan va ish viloyat sudlov hay’atiga yetib borgan.
Sud tomonidan ish xolis va adolatli tarzda ko‘rib chiqilib, mehnatda halok bo‘lgan xodimning qizi Sh.Ya. foydasiga to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya mablag‘ini undirib berish haqida qaror qabul qilingan.
Sud hujjatining ijrosini ta’minlash maqsadida Majburiy ijro byurosining Paxtaobod tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borildi. Qarzdor tashkilot kompensatsiya mablag‘ini ixtiyoriy ravishda to‘lamagani sababli, majburiy ijro choralari ko‘rilib, tashkilotning mol-mulklari xatlandi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida undiruvchi Sh.Ya.ning foydasiga sud hujjatida belgilangan 154 mln. 172 ming so‘m kompensatsiya to‘liq undirib berildi.
Mehnat munosabatlari jarayonida xodimning hayoti va sog‘lig‘i davlat tomonidan qonun bilan qat’iy himoya qilinadi. Sud tomonidan qabul qilingan mazkur qaror — mehnatda halok bo‘lgan xodimlar merosxo‘rlarining huquqlari to‘liq kafolatlanganining yana bir amaliy ifodasidir. Albatta, moddiy kompensatsiya inson hayotining o‘rnini bosa olmaydi, biroq uning berilgani adolat qaror topganidan dalolatdir.
Xushnudbek Tovuldiyev,
Byuroning Paxtaobod tuman bo‘limi
davlat ijrochisi































Izohlar 0
…