Toshkentda Germaniyadan kelgan posilkadan 4 kg narkotik topildi

Toshkent shahrida Germaniyadan narkotik moddalarni pochta orqali olib kirishga urinish fosh etildi. «Xavfsiz va sog‘lom mamlakat» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan operatsiya o‘tkazildi.
Yakkasaroy tumanidagi pochta bo‘limida Germaniyadan yuborilgan posilkani qabul qilib olayotgan Chernogoriya fuqarosi qo‘lga olindi. 2001 yilda tug‘ilgan ushbu shaxs tumanda vaqtincha istiqomat qilib kelgan.
Posilka tekshirilganda sport anjomlari ichiga yashirilgan narkotik moddalar aniqlandi. U yerdan ashyoviy dalil sifatida 3 kilogramm «Klefedron» va 1 kilogramm «Gashish» olib qo‘yildi.
Shuningdek, xorij fuqarosining xonadoni ko‘zdan kechirilganda «Alfa-PVP» moddasi solingan 11 ta tayyor «zakladka» aniqlangan. Ularning umumiy og‘irligi 30 grammni tashkil etgan.
Uydan narkotik moddalarni qadoqlash uchun mo‘ljallangan zip-paketlar, elektron tarozilar va boshqa ashyolar ham topilgan.
Qo‘lga olingan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.































Izohlar 0
…