Toshkentda qizamiq keng tarqaldimi? Rasmiy izoh berildi

Toshkentda qizamiq keng tarqaldimi? Rasmiy izoh berildi

Toshkent shahrida qizamiq bilan kasallanish holatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi ma’lum qildi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtda qizamiqqa gumon qilingan 290 ta holat aniqlangani va bemorlar bilan aloqada bo‘lgan 10 ming nafardan ortiq shaxs ro‘yxatga olingani haqida xabarlar tarqalgan edi.

Qo‘mita izohiga ko‘ra, ushbu raqamlar 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida qayd etilgan jamlanma ko‘rsatkichlardir. Shu sababli ularni qisqa vaqt ichida aniqlangan yoki ayni paytdagi holatlar sifatida talqin qilish noto‘g‘ri.

Rasmiy ma’lumotda hozirda Toshkent shahri va mamlakatning boshqa hududlarida qizamiq bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekani, aholini xavotirga solish uchun asos yo‘qligi ta’kidlangan.

Shuningdek, 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida Toshkent shahrida rejali emlash doirasida bir yoshli 47 494 nafar va olti yoshli 42 767 nafar bola qizamiq, epidemik parotit va qizilchaga qarshi KPK vaksinasi bilan emlangan.

Sanepidqo‘mita fuqarolarni ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlarni to‘g‘ri talqin qilishga va tasdiqlanmagan xabarlar sabab asossiz xavotirga tushmaslikka chaqirdi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar