AQSH va Eron yangi zarbalar berdi, Quvayt aeroporti nishonga olindi

AQSH harbiylari tun davomida Eronga qarshi “o‘zini himoya qilish” maqsadida zarbalar berganini ma’lum qildi. Shuningdek, AQSH tomoni Fors ko‘rfazi davlatlari va kemalarga qarshi uchirilgan ballistik raketalar hamda dronlarni yo‘q qilganini bildirdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (Centcom) ma’lumotiga ko‘ra, Hurmuz bo‘g‘ozida joylashgan Qeshm orolidagi nishonlarga berilgan zarbalar Eronning Yaqin Sharq bo‘ylab amalga oshirishga uringan hujumlariga javob sifatida o‘tkazilgan.
Centcom Eron Quvaytga ikki, Bahraynga esa uchta raketa uchirganini, ularning barchasi yo‘q qilingani yoki havoda parchalanib ketganini ma’lum qildi. Eron esa javob tariqasida mintaqadagi bir davlat hududida joylashgan AQSH bazalari va vertolyotlariga raketa hamda dronlar bilan hujum qilganini bildirdi.
Quvayt rasmiylarining ma’lum qilishicha, dronlar zarbasi oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, 60 dan ortiq odam jarohat olgan. Hujum natijasida xalqaro aeroport va boshqa binolarga zarar yetgan.
Quvayt Mudofaa vazirligi vakillari ushbu hodisani “Eronning jinoiy tajovuzi” deb baholadi. Mamlakat Tashqi ishlar vazirligi esa diplomatik vakolatxonalar va infratuzilma obyektlariga ham shikast yetganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, AQSH Qeshm orolidagi Eron harbiylariga tegishli boshqaruv markazini nishonga olganini bildirdi. Shuningdek, mintaqaviy suvlarda harakatlanayotgan fuqarolik kemalari tomon uchirilgan uchta hujumchi dron ham yo‘q qilingan.
Bu voqealar AQSH va Eron o‘rtasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolgan bir paytda sodir bo‘ldi. Tomonlar o‘rtasidagi kelishuv bo‘yicha muhokamalar hozircha natija bermayapti.
AQSH prezidenti Donald Tramp Eron kelishuvga erishishni istayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmaslikka rozilik bildirgan. Shu bilan birga, Eron Tashqi ishlar vazirligi Vashington muzokaralar davomida doimiy ravishda yangi va qarama-qarshi talablar ilgari surayotganini ta’kidladi.





























Izohlar 0
…