date
views 44

Xorazm turizmi yangi darajaga ko‘tarilmoqda: “Arda Xiva” zamonaviy majmuasi ochildi!

Xorazm turizmi yangi darajaga ko‘tarilmoqda: “Arda Xiva” zamonaviy majmuasi ochildi!
So‘nggi yillarda Xorazm viloyatining turizm sohasidagi yutuqlari va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli loyihalari natijasida hududga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar soni yetti-sakkiz yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 30 barobar oshdi. Bu o‘zgarishlar samarasida viloyatning turizm xizmatlari eksporti ham keskin o‘sib, 2017 yildagi 7 million dollardan 2023 yilda 380 million dollarga yetdi.

Avvallari Xorazm turizmi faqatgina Ichan qal’a bilan bog‘liq deb tasavvur qilingan bo‘lsa, endi esa ushbu qarash butunlay o‘zgarib, sayyohlar uchun 40 dan ortiq yangi turistik yo‘nalishlar ishlab chiqildi va ularning umumiy soni 100 taga yetkazildi.

Yaqinda ochilgan "Arda Xiva" majmuasi ham viloyat turizmining rivojlanishida yangi sahifani ochdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi chog‘ida ochilgan ushbu maskan qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan, o‘zgacha me’moriy uslubda barpo etilgan noyob loyiha hisoblanadi.

"Arda Xiva" majmuasi 25 gektarlik kam unumli sho‘rxok yerlarda qurildi. Ushbu hudud 150 gektarlik G‘ovuk ko‘li bilan tutash bo‘lib, bu yerda keng ko‘lamli yashil maydonlar barpo etilishi sayyohlar uchun yanada ko‘proq qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev majmuani bevosita aylanib chiqib, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. U yerda tashkil etilgan hunarmandchilik, badiiy va amaliy san’at ko‘rgazmalari, milliy bozor rastalarini ko‘zdan kechirib, yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.

Majmuada qadimiy shahar muhitiga o‘xshatilgan binolar, jami 1000 o‘ringa ega 20 ta zamonaviy mehmonxona, ochiq va yopiq akvapark, turli attraksionlar, 3000 o‘ringa ega amfiteatr va musiqali favvora kabi inshootlar mavjud.

Shuningdek, sayyohlar uchun tarixiy uslubda barpo etilgan 11 ta hunarmandchilik uyi, sharq bozori, “Ko‘hna Urganch” muzeyi, suv kanallari orqali qayiqlarda sayr qilish imkoniyati ham juda qiziqarli yangiliklardan hisoblanadi.

Majmua hududida 5 ta zamonaviy kinoteatr va konsert zallari, ko‘plab restoran va savdo rastalari, zargarlik markazi, suv moto-turizmi uchun maxsus hudud va keng avtoturargoh tashkil qilingan. Barcha obyektlar zamonaviy isitish va sovutish tizimi bilan ta’minlangan bo‘lib, elektr energiyasini tejash maqsadida quyosh batareyalari o‘rnatilgan.

Ushbu noyob loyiha yiliga 3 million sayyohni qabul qilish quvvatiga ega bo‘lib, ikki mingdan ortiq inson uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Prezident yoshlar bilan muloqotda ularning orzu-intilishlari, kelajakdagi rejalari bilan qiziqib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

– Har qanday yerosti boyliklari qachondir tugaydi. Ammo ajdodlarimiz bizga qoldirgan buyuk madaniy va ma’naviy merosimiz asrlar davomida xalqimizga xizmat qilib kelmoqda. Bu boyliklardan oqilona foydalanib, uni kelajak avlodlarga yetkazishimiz zarur. Hali bizning oldimizda ko‘plab rejalar turibdi va men siz yoshlarga ishonaman. Sizlar o‘z oldingizga katta maqsadlar qo‘yib, zamonaviy bilimlarga ega bo‘lsangiz, biz ko‘zlagan yuksak marralarga albatta erishamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Shunday qilib, Ichan qal’a Xorazmning o‘tmishga bog‘liq qadimiy merosi bo‘lsa, "Arda Xiva" hududning zamonaviy va jozibali turistik "tashrif qog‘ozi" sifatida butun dunyo sayyohlari e’tiborini tortishi shubhasiz.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Xorazm turizmi yangi darajaga ko‘tarilmoqda: “Arda Xiva” zamonaviy majmuasi ochildi!