O‘zbekistonda ilk bor aholini ro‘yxatga olish boshlandi

O‘zbekistonda 15 yanvardan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayoni start oldi. Ushbu keng ko‘lamli tadbir 28-fevralga qadar davom etadi va mamlakatda demografik hamda agrar ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng aniq “katta rasm”ni shakllantirishga xizmat qiladi.
Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, davlat organlari va tashkilotlari 2026 yil 15 yanvardan 31 yanvargacha o‘z tizimida ishlayotgan barcha xodimlarni census.stat.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tishini ta’minlashi shart. Ro‘yxatdan o‘tish OneID tizimi orqali amalga oshiriladi. Ya’ni, jarayon “qog‘oz-daftar” emas — maksimal darajada raqamli va tizimli yo‘lga qo‘yilyapti.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ro‘yxatga olish ikki bosqichda o‘tadi:
- 15–31 yanvar — fuqarolar census.stat.uz platformasi orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi;
- 4–28 fevral — maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar uyma-uy yurib, aholi va qishloq xo‘jaligiga oid ma’lumotlarni yig‘adi.
Ro‘yxatga olish doirasida aholining yoshi, ta’lim darajasi, bandlik holati, migratsiya jarayonlari kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar to‘planadi. Qishloq xo‘jaligi qismida esa yerdan foydalanish, chorvachilik va shu kabi bazaviy ko‘rsatkichlar qamrab olinadi. Qisqasi, davlat “qancha odam, qayerda, qanday hayot kechiryapti” degan savollarga raqamlar bilan javob oladi — keyingi qarorlar ham shunga tayanadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yig‘ilgan barcha ma’lumotlar maxfiy saqlanadi va faqat statistik maqsadlarda qo‘llanadi. Ro‘yxat savolnomasi 71 ta savoldan iborat bo‘lib, unda aholining turmush tarzi va qishloq xo‘jaligiga oid asosiy ko‘rsatkichlar keng qamrab olingan.
Eng muhim jihat: aholini ro‘yxatga olish mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marta o‘tkazilmoqda. Shuning uchun bu jarayonni “oddiy anketa” deb qaramaslik kerak — bu kelajakda byudjet rejalashtirish, infratuzilma, ish o‘rinlari, ta’lim va qishloq xo‘jaligi siyosati kabi katta masalalarga ta’sir qiladigan asosiy ma’lumotlar bazasi bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!