date

O‘zbekistonda PayPal yo‘li ochilyapti: Senat qonunni yangilashga kirishdi

O‘zbekistonda PayPal yo‘li ochilyapti: Senat qonunni yangilashga kirishdi

Oliy Majlis Senatining 13-yalpi majlisida “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokama qilindi. Gap — oddiy fuqaro uchun ham, ayniqsa raqamli sohada ishlayotganlar uchun ham juda muhim bo‘lgan bir muammoni hal qilish haqida.

Bugun O‘zbekistondagi ko‘plab dasturchi-frilanserlar yaratayotgan dasturiy mahsulotlar va raqamli kontent xorijiy xaridorlarga asosan xalqaro elektron platformalar orqali sotilyapti. Ayrim platformalarda to‘lov bank kartasi yoki bank o‘tkazmalari bilan amalga oshsa, Upwork, Fiverr, Envato, Storyblocks kabi yirik maydonchalarda to‘lov qabul qilishning asosiy yo‘li — PayPal tizimi hisoblanadi.

Ammo aynan shu yerda muammo paydo bo‘ladi: PayPal hozircha O‘zbekistonda chiqarilgan bank kartalari bilan to‘liq ishlamaydi. Bu holat qonunchilikdagi talablar, xususan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi Qonunda ma’lumotlar faqat O‘zbekiston hududida saqlanishi kerakligi haqidagi me’yorlar bilan bog‘lanadi. Natijada ayrim xalqaro to‘lov tizimlari mamlakat bozoriga kirishda to‘siqqa uchrayapti va bu esa frilanserlar hamda onlayn xizmatlardan foydalanuvchilar uchun qiyinchilik tug‘diryapti.

Muhokama qilingan qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar aynan shu muammolarni yumshatish va yechim berishga qaratilgan. Xususan, xalqaro onlayn to‘lov tizimlari ishini yengillashtirish, fintex, elektron tijorat va raqamli iqtisodiyot o‘sishini tezlashtirish, frilanserlar uchun qonuniy va shaffof to‘lov yo‘llarini yaratish, shuningdek, xorijdan keladigan sayyohlar uchun kontaktsiz to‘lov imkoniyatlarini kengaytirish maqsad qilingan.

Yangi tartibga ko‘ra, shaxsga doir ma’lumotlarning faqat ayrim toifalari — biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya xizmatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar — albatta O‘zbekiston hududida saqlanishi shart etib belgilanmoqda. Qolgan ma’lumotlarni esa chet elga uzatish va saqlash mumkin bo‘ladi, lekin buning uchun aniq xavfsizlik talablari joriy etiladi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasiga ma’lumotlar xavfsizligi ta’minlangan davlatlar ro‘yxatini tasdiqlash vakolati berilishi ko‘zda tutilgan.

Senatorlar fikricha, mazkur qonun elektron tijorat sohasidagi huquqiy bazani zamonaviy talablar asosida yangilashga, aholi va tadbirkorlarga xalqaro internet platformalari bilan ishlashda yanada qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida Senat a’zolari qonun loyihasini ma’qulladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda PayPal yo‘li ochilyapti: Senat qonunni yangilashga kirishdi